Tanlovning final bosqichi murosasiz o‘tadi
Qarshi shahridagi Ma’naviyat maskanida “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” respublika tanlovining Qashqadaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
– Tanlov mamlakatimizning barcha hududlarida ilm-fan, san’at va madaniyat, axborot texnologiyalari, badiiy ijod, arxitektura va dizayn, tadbirkorlik va hunarmandchilik kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan va yuqori natijalarga erishayotgan iqtidorli yoshlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Lola Saodatova. – Tanlov quyi bosqichida g‘olib bo‘lgan 15 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan talaba, yoshlar viloyatda uchta yo‘nalishda bahslashdi.
[gallery-4833]
Yakuniy xulosalarga ko‘ra, “Tasviriy va amaliy san’at” yo‘nalishida Koson tumanidagi 20-maktab o‘qituvchisi Xolisa Abdullayeva, “Adabiyot va publitsistika” yo‘nalishida Koson tumanidagi 85-maktab targ‘ibotchisi Jobir Ismatullayev, “Milliy maqom va milliy estrada” yo‘nalishida Shahrisabz tumanidagi 47-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Jasmina Sheraliyeva 1-o‘rinni egalladi. G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida ishtirok etadi.
Tanlov doirasida, shuningdek, “Besh tashabbus o‘g‘loni” va “Besh tashabbus malikasi” nominatsiyalari g‘oliblari ham aniqlandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA