Tanlov-tender savdolaridagi qonun buzilishlar
Bugun inson omilini aralashtirmasdan, toza raqobat muhitini shakllantirish maqsadida ko‘plab xizmatlar va mahsulotlarning elektron savdolari orqali sotilishi yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatimizda ham ushbu mexanizm samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Ammo elektron savdolarda ham qonun buzilish holatlari aniqlanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda tayyorlagan maqolada shu haqida hikoya qilmoqchimiz.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hududiy boshqarma tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunlari talablariga rioya qilinishi bo‘yicha asosan maxsus axborot portalidagi ma’lumotlarni monitoringi, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qilingan murojaatlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xat va talabnomalariga asosan o‘z vakolati doirasida joriy yilning 11 oyi davomida 1 ming 968 ta lot jami 1206,62 milliard so‘mlik tanlov va tender savdolarida o‘rganish ishlari olib borilgan.

O‘rganishlar davomida 273 ta holatda 186,92 milliard so‘mlik tanlov-tender savdolarida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunlari talablariga rioya qilinmaganlik holatlari aniqlangan. Shundan hududiy boshqarmaning viloyat hududida o‘tkazilayotgan xaridlar bo‘yicha “etender.uzex.uz” maxsus axborot portalida joylashtirilgan ma’lumotlardan foydalangan holda hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati asosida viloyat hududida o‘tkazilgan 1ming 357 ta 909,43 milliard so‘mlik lotlarda o‘rganish (monitoring) o‘tkazilgan bo‘lib, o‘rganishlar natijasida 13 ta 5,27 milliard so‘mlik lotlarda tanlov-tender savdolarida qonun buzilish holatlari aniqlangan.
Hududiy boshqarmaga yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan tanlov va tender savdolaridan norozi bo‘lib qilgan 60 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlar asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 51 ta 21,65 milliard so‘mlik lotlarda tanlov (tender) savdolarida raqobatga zid holatlar aniqlangan.

– Yuqorida qayd etilgan qonun buzilish holatlari bo‘yicha hududiy boshqarma tomonidan 52 ta tanlov-tender savdolari bo‘yicha ish qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi ajrimlar chiqarilgan hamda boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan tegishli qaror va ko‘rsatmalar berilgan, – deydi boshqarma boshlig‘i Sanjar Sodiqov. – Mazkur qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 36 ta mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan va tegishli sudlarga yuborilgan. Bundan tashqari, hududiy boshqarma mutaxassislari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarning talabnoma va xatlariga asosan tanlov va tender savdolarining qonuniyligi yuzasidan 551 ta lot jami 270,68 milliard so‘mlik tanlov-tender savdolari o‘rganilgan. Natijada 209 ta 159,98 milliard so‘mlik tanlov savdolarida qonun buzilish holatlari aniqlangan va aniqlangan qonun buzilishlar to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilingan. Shuningdek 6 ta tanlov savdolaridagi kamchiliklar buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy bartaraf etilgan.
– Tahlillarda, aniqlangan qonun buzilish holatlarining aksariyati qismi obodonlashtirish boshqarmasi, sog‘liqni saqlash hamda maktabgacha va maktab ta’limi tizimi tashkilotlari hissasiga to‘g‘ri keladi, – deydi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Atxam Oripov. – Xususan, Koson tumani tibbiyot birlashmasi buyurtmachiligida Davlat xaridlari maxsus axborot portali etender.uzex.uz maxsus elektron portalidagi 318786-lot raqamli 137156052 so‘mlik “Tibbiyot birlashmaga issiq ovqat (autsorsing) xizmati ko‘rsatish”, 319260-lot raqamli 315512000 so‘mlik “Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga issiq ovqat (autsorsing) xizmati ko‘rsatish” bo‘yicha tanlov savdolari o‘tkazilgan. Tanlov savdosi bo‘yicha “Jomboy parhez taom” MCHJning tanlovlarni baholashda noxolislikka yo‘l qo‘yilganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaati hududiy boshqarmaga o‘rganish uchun kelib tushgan. Ushbu tanlov savdosi o‘rganilganda tanlovlarning texnik qismi 13 ta mezonga asoslanib baholangan va baholash natijalari Hududiy boshqarma mutaxassislari tomonidan o‘rganilganda xarid komissiyasi a’zolari tomonidan ishtirokchilarning takliflarini noto‘g‘ri baholashga yo‘l qo‘yilganlik holatlari aniqlangan. Ushbu tanlov savdosining texnik qismini baholashda tanlov g‘olibi va murojaatchi ishtirokchilar tomonidan ham tanlov shartlariga so‘ralgan hujjatlar taqdim qilingan bo‘lsada, har xil ballar berilganligi, murojaatchi tomonidan taqdim qilingan hujjatlar asossiz kam ballar bilan baholanganligi sababli buyurtmachi tanlov savdosining natijasiga ta’sir ko‘rsatganlik holatlari yuzaga kelganligi kuzatilgan.
Yuqoridagi holatlar natijasida Koson tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan noto‘g‘ri baholashi tufayli O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 22 apreldagi “Davlat xaridlari to‘g‘risida” gi Qonunini 10-moddasi, 20-moddasi, 32-moddasi, 46-moddasi hamda “Raqobat to‘g‘risida” gi Qonunini 14-moddasi “Tanlov (tender) savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablar”ning 1-xatboshida ko‘rsatilgan (ya’ni savdolar o‘tkazishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibini buzishga yo‘l qo‘yilmasligi) talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Mazkur aniqlangan qonun buzilishlarga yo‘l qo‘ygan Koson tuman tibbiyot birlashmasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, tanlov savdosi buyurtmachi tomonidan ixtiyoriy bekor qilinganligi sababli komissiyaning qaroriga asosan qonun buzilishlarni to‘xtatish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Tanlov savdosi o‘tkazishda qonun buzilishga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilgan.
Yana bir misol O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Qashqadaryo viloyat hududiy boshqarmasiga Qarshi shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlaridagi davlat xaridlari tartibining buzilishi masalasini ko‘rib chiqish va tegishli choralar ko‘rish uchun Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining 28.09.2023 yildagi 4-1801-2302/5385-sonli xususiy ajrimi kelib tushgan.
Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining ajrimida “Po‘lat inshoot” MCHJning Qarshi shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidan 260599473 so‘mlik qarzdorlik va sud xarajatlarini undirishni so‘rab qilgan davo arizasi ko‘rib chiqilganligi, ishni ko‘rib chiqish davomida da’vogar vakili tomonidan Qarshi shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi va “Po‘lat inshoot” MCHJ o‘rtasida 2023 yil 5 iyulda 149-sonli “Qarshi shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabini hojatxona binosini va 22 metr devorini joriy ta’mirlash” ishlarini bajarish uchun 260599473 so‘mlik shartnoma tuzilganligi va o‘tkazilgan sud jarayonida shartnoma tuzilishidan oldin tanlov savdosiga qatnashmaganligini bildirilgan. Qarshi shahar MMTB tomonidan ishtirok etgan vakil tomonidan ushbu nizoli shartnoma bo‘yicha tanlov savdosi o‘tkazilmaganligi, shartnoma bo‘lim hisobchilari bilan kelishmasdan tuzilganligi, yuridik xizmat tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmaganligi, Qarshi shahar MMTB tomonidan davlat byudjetidan ta’minlanadigan muassasa ekanligi, shartnomalar g‘aznachilik bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tmaganligi ma’lum qilingan.
O‘tkazilgan o‘rganish natijasida taraflar o‘rtasida pudrat shartnomalari tuzishdan oldin tanlov (tender) savdolari o‘tkazilmaganligi, Davlat buyurtmachisi tomonidan esa yuqoridagi joriy ta’mirlash ishlari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga taalluqli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining muayyan farmon va qarorlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida ko‘rsatmalar mavjud emasligi sababli ushbu shartnomalar amaldagi qonunchilik talablari buzilgan holda tuzilganligi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holatlarda, davlat buyurtmachisi, ya’ni Qarshi shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan “Po‘lat inshoot” MCHJ bilan 2023 yil 5 iyulda 149-sonli “Qarshi shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limining 12-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabini hojatxona binosini va 22 metr devorini joriy ta’mirlash” ishlarini bajarish uchun tuzilgan shartnomani imzolashda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilganligi aniqlandi.
Mazkur aniqlangan qonun buzilishlarga yo‘l qo‘ygan Qarshi shahar MMTBga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, komissiyaning qaroriga asosan ushbu qonun buzilishlarni to‘xtatish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qaror va ko‘rsatma berilgan. Mas’ul xodimga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilgan.
Bu kabi misollarni ko‘plab sanash mumkin. Albatta yuqorida keltirilgan faktlar misollar hududiy boshqarma tomonidan o‘tkazilgan tahlillar natijalaridir. Hali o‘rganilmagani qancha.
Yana bir gap. Hukumatimiz tomonidan tender savdolarining onlayn yo‘lga qo‘yilishi va elektron tarzda o‘tkazilayotgani ham bejiz emas. Yuqoridagi misollardan va faktlardan ko‘rinib turibdiki, tanish-bilishchilik, korrupsiya kabi illatlar qon-qonimizga singib ketgan va uni bartaraf etish yo‘lida qilinayotgan harakatlar albatta bir kun o‘z natijasini beradi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri