Tanlov: “Qizlar odobi targ‘ibotchisi”
Guliston shahrida ushbu tanlovning Sirdaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash viloyat boshqarmasi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi homiyligida tashkil etildi.
Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad, qizlarni odob-axloq qoidalari ruhida tarbiyalash, yosh iqtidorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, hunar o‘rgatish, bandligini ta’minlash kabi ezgu ishlarga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi, faol xotin-qizlarning ijobiy tajribalarini ommalashtirish va ularni munosib taqdirlash, rag‘batlantirishdan iborat.
Mazkur tanlovning viloyat bosiqichida 8 tuman va 3 ta shahar bosqichida qizlar o‘rtasida odob-axloq, tarbiya, ma’naviyat, sog‘lom turmush tarzi madaniyatini targ‘ib etishdagi faolligi bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 11 nafar xotin-qiz o‘zaro bahs olib bordi.

– Ayni paytda viloyatimizdagi 426 ming 600 nafar xotin-qizning 192 ming 200 nafari iqtisodiy faol ayollar hisoblanib, boshqaruv organlari, korxona va tashkilotlarda 493 nafar rahbar ayol faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. – deydi Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash viloyat boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nargiza Tojiboyeva. – Bu xotin-qizlarimizning 272 nafari ta’lim sohasida, 58 nafari tibbiyot, 60 nafari ishlab chiqarish, 3 nafari huquqni muhofaza qilish organlarida, 29 nafari qishloq xo‘jaligida, 72 nafari savdo, 8 nafari san’at va madaniyat sohasida va yana ko‘plab ayollarimiz boshqa sohalarda faoliyat olib bormoqda.
Mazkur tanlov orqali xotin-qizlarimizning hayotda o‘z o‘rnini topishi ko‘p jihatdan olgan tarbiyasi va odob axloqiga bog‘liq ekanini targ‘ib etish asosiy maqsad edi.
“Qizlar odobi targ‘ibotsi” tanlovining viloyat bosichi ishtirokchilari ikkita shart bo‘yicha g‘oliblik uchun bahs olib bordi.
Tanlovning 1-shartida ishtirokchilar qizlar uchun ma’naviy-ma’rifiy ishlar taqdimotini o‘tkazgan bo‘lsa, 2-shartda ishtirokchi ayollar tomonidan tanlangan erkin mavzuda ularning bilimlari sinovdan o‘tkazildi. Bunda qizlarning kundalik hayotida asqotadigan foydali, qiziqarli va dolzarb ma’lumotlar qamrab olinishi, bugungi hayotimiz va turmush tarzimiz bilan o‘zaro uyg‘unlikda bo‘lishi, qizlarning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini rivojlantirish, madaniyatini oshirish va dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilishi, targ‘ibot materiali buyuk adib va mutafakkirlarimizning nodir me’rosi, hayoti, ibratli voqealar va qiziqarli hikoyalar orqali yoritib berildi.
Shuningdek, hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarning mamlakatimiz va jahon ijtimoiy-siyosiy hayotidagi eng so‘nggi ma’lumotlardan oqilona foydalana olish mahoratiga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tanlovda Shirin shahridan ishtirok etgan Shodiya Isroilova I o‘rinni qo‘lga kiritdi. Oqoltin tumanidan Guljahon Baydullayeva II va Sayxunobod tumanidan Nazira Rivocheva III o‘rinni egalladi.
Shuningdek, qolgan 8 nafar ishtirokchi turli nominatsiyalar sohibalari bo‘ldi. Ishtirokchilar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, F.Toshmatov, O‘zA