"Tanishtiruv haftaligi" muvaffaqiyatli o‘tdi
"Yangi O‘zbekiston" universitetida "Tanishtiruv haftaligi" bo‘lib o‘tdi.
Universitetning birinchi bosqich talabalari uchun tashkil etilgan ushbu haftalik davomida talabalar uchun rang-barang va qiziqarli tadbirlar, mahorat darslari, seminar-treninglar o‘tkazildi. Sport musobaqalari, zakovat o‘yinlari, tanlovlar, viktorinalar, ma’rifiy anjumanlar, yetakchi mutaxassis va o‘qituvchilar ishtirokidagi jonli muloqotlar haftalikka yanada jo‘shqinlik bag‘ishladi.

Ayniqsa, mazkur universitetning faxriy prezidenti Volfgang Anton Hermann bilan tashkil etilgan mahorat darslari yoshlarga muvaffaqiyat sirlarini o‘zlashtirishda, vaqtning qadriga yetishda, imkoniyatlardan unumli foydalanishda saboq bo‘lgani shubhasiz.

"Tanishtiruv haftaligi"da universitetga endigina qadam qo‘ygan talabalar bir-birlari bilan do‘stlashish, universitetdagi tartib-qoidalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Haftalik davomidagi tadbirlarda faol qatnashgan talabalar va ularning ustozlari taqdirlandi.

N.Usmonova, O‘zA