Ta’magirlik odamlarning qon-qoniga singib ketganmi?
Yoki shunchalik ko‘zi ochmi, ayrim mansabdorlarning?
Kim ishga kirmoqchi bo‘lsa yo tanishi bo‘lishi kerak yoki puli. Jinoyat ustida qo‘lga tushayotgan shaxslar qilmishlari mundarijasiga nazar tashlasangiz, ta’magirlik qilib, pora olayotganda ushlanganlari ko‘p uchrayotgani shunday xulosa beradi.
Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 100-sonli maktab direktori o‘rinbosari N.O. fuqaro X.ning ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari orqali shu maktabga psixolog vazifasiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 1,2 ming AQSH dollari so‘ragan.
Shundan, 800 AQSH dollarini olgan vaqtida esa Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Qarshi shahar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Shahrisabz tumanidagi 7-sonli maktab direktori B.S. maktab balansida bo‘lgan yaroqsiz qozonxona binosini balansdan chiqarib, firibgarlik yo‘li bilan fuqaro A.ga 6 ming AQSH dollariga sotishni rejalashtirgan.
Yer uchun hujjatlarni tayyorlab berish evaziga kelishilgan pulning 500 AQSH dollarini olgan vaqtida esa Departament hamda DXXning Qashqadaryo viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Bunday holatlarni eshitganda, ta’magirlikning oxiri – qamoq, degan achchiq haqiqat yodga keladi. Lekin, ziyo maskanlari bo‘lgan maktablarda bunday holatlar uchrayotgani juda ayanchli.
O‘z navbatida, bu klavaning uchini ham ko‘rsatib qo‘ymoqda. Zero, biz korrupsiyaga qarshi kurashish haqida eng ko‘p bong urayotgan mamlakatlardanmiz. Ammo bu illatdan qutilishning chorasi hali topilmadi. Demak, uning tub ildizi, ya’ni kalavaning uchini tozalashni uddalash kerak. (Bu bilan hamma maktablarda ta’magirlik avj olgan, demoqchi emasmiz).
Ammo qachonki, maktabdan ham ilmli, ham vatanparvar, ham to‘g‘riso‘z va vijdonli kadrlar yetishib chiqmas ekan, maqsadga erishib bo‘lmasligi kunday ravshan. Buning uchun esa ziyo maskanlari asl ziyolilar qo‘lida bo‘lishi kerak.
N. Abduraimova, O‘zA