Ta’limga e’tibor – kelajakka e’tibor
Sharq hikmatlarida «Agar inson ilm nuri bilan o‘z yo‘lini yoritmasa, zulmat va nodonlik ko‘chasida qoladi» deya bejiz ta’kidlanmagan. Kishi qalbining nuri ilm va ma’rifat bilan baquvvat bo‘ladi. Insoniyatning qadri ham ilm bilan hosil bo‘ladi. Ilmni egallab olish esa ta’limdagi bir san’atga qiyoslanadi. Ta’lim mazmun va mohiyatan jamiyatning moddiy va madaniy taraqqiyoti darajasiga borib taqaladi. Umumiy va sohaviy bilimlarga bo‘lgan ehtiyoj, ta’lim haqidagi pedagogik g‘oyalar jamiyat taraqqiyotining turli bosqichlarida turlicha ahamiyat kasb etib, o‘zgarib kelgan. Jamiyatning asosiy negizi bo‘lgan ta’lim va tarbiya jarayonida insonning sifatlari, dunyoqarashi va turli xil qobiliyatlari shakllanib, o‘sib boradi.
1997 yil 29 avgustda qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturi Ta’lim tizimidagi barcha yo‘nalishlarni takomillashtirish va rivojlantirish uchun dasturulamal bo‘lib xizmat qildi. Ortda qolgan yillar davomida ta’limga e’tibor qaratilib, bu soha uchun ko‘plab o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek «Bizning asosiy maqsadimiz – yoshlarning sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishiga erishish, ularning o‘z qobiliyati va iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berishdan iborat».
Ushbu fikrlar tasdig‘i o‘laroq, 2020 yil 23 cyentyabrda qabul qilingan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonunda yaqin yillardagi ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar o‘z aksini topdi. Qonun loyihasini takomillashtirish davomida 238 ta norma va qoidalar qayta ko‘rib chiqildi, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qisqartirish maqsadida 123 ta norma loyiha tarkibidan chiqarildi va shu bilan birgalikda 54 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi modda bilan almashtirildi.
2022 yil Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan keng jamoatchilik fikrini o‘rgangan holda ushbu yilga «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»deb nom berildi. Ushbu yilda yangi islohotlar olib borish uchun ijtimoiy sohalar, jumladan, ta’lim-tarbiya va ilm-fanni rivojlantirishga barcha resurslar jalb etilishi maqsad qilingan.
«Inson qadri» tamoyilini ilgari suruvchi Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni joriy yilda amalga oshiriladigan bir qator loyihalar tayyorlandi. Ayniqsa, ta’lim sohasida amalga oshuvchi loyihalar, shubhasiz, ushbu soha rivojiga salmoqli hissa qo‘shadi.
Loyiha adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yo‘nalishida 53 ta chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Ushbu loyihada maktabgacha ta’limning qamrov darajasini 67 foizdan 80 foizga oshirish, nodavlat bog‘chalar va maktablarga farzandini yuborayotgan ota-onalarning 3 mln. so‘mgacha to‘lovlarini daromad solig‘idan ozod etish, maktablarni rivojlantirish milliy dasturini joriy etish orqali xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish, darsliklarni yangilash uchun davlat byudjetidan 605 mlrd. so‘m ajratish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-4 sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash tizimini joriy etish, oliy ta’limga qamrov darajasini amaldagi 28 foizdan 50 foizdan yetkazish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida 100 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish, maktab o‘quvchilarining kamida bir kasbni egallashiga ko‘maklashish tizimini joriy etish kabilar o‘z tasdig‘ini topishi ko‘zda tutilgan.
Darhaqiqat, yosh avlodga mukammal o‘qib o‘rganishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berish, zamonaviy va sifatli ta’lim berish orqali vatanimiz ravnaqini yanada rivojlantirish bizning asosiy burchimiz hisoblanadi.
Mahbuba Rasulova,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Xorijiy tillar kafedrasi o‘qituvchisi