Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi mustahkamlanmoqda
“Jizzax akkumulyator zavodi” aksiyadorlik jamiyatida Jizzax politexnika institutining “Kimyo muhandisligi” kafedrasi filiali ochilishi hudud sanoati va oliy ta’lim o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.
Davlatimiz rahbarining shaxsiy tashabbusi hamda Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16 yanvardagi “Oliy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi doirasida amalga oshirilganini ham ta’kidlab o‘tish joiz.
So‘nggi yillarda Jizzax viloyati agrar hududdan sanoati jadal rivojlanayotgan mintaqaga aylanmoqda. O‘tgan sakkiz yilda viloyatda qiymati 6 milliard 500 million dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilib, ularning qariyb yarmi sanoat sohasiga to‘g‘ri keldi.
Sanoat, xizmatlar va qishloq xo‘jaligi sohalarida ishlab chiqarish hajmlarining keskin oshishi zamonaviy bilim va amaliy tajribaga ega mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni yanada kuchaytirdi.
Shu bois, oliy ta’limni ishlab chiqarish bilan chambarchas bog‘lash, ta’lim jarayonini amaliyotga yo‘naltirish dolzarb vazifaga aylandi. Ayniqsa, energiya samaradorligi va ekologik barqarorlikka oid talablar kimyo va muhandislik sohalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni taqozo etmoqda.
– Shu jihatdan olib qaraganda, hududimiz sanoatining yetakchi korxonalaridan biri hisoblangan “Jizzax akkumulyator zavodi” AJda kafedra filialining ochilishi muhim ahamiyatga ega, – deydi kafedra mudiri, dotsent Shuhrat Xaqberdiyev. – Bu tashabbus ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga tatbiq etish va raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda muhim qadamdir.
[gallery-26746]
Mazkur kafedrada kimyo muhandisligi, metallurgiya muhandisligi, neft va neft-gazni qayta ishlash texnologiyasi yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar, kimyoviy texnologiya hamda kelajak akkumulyatorlari ishlab chiqarish texnologiyasi yo‘nalishlari bo‘yicha magistrlar tayyorlanadi.
Hozirda kafedrada 28 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritib, ular orasida fan doktorlari va ilmiy darajaga ega dotsentlar mavjud. Jahon banki va Islom taraqqiyot banki mablag‘lari hisobidan olib kelingan zamonaviy laboratoriya jihozlari ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sifatiga xizmat qilmoqda.
Kafedra dotsenti Asilbek Mamatqulov mazkur laboratoriya bazasida kislotali akkumulyatorlar samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy tadqiqot ishini muvaffaqiyatli himoya qilgani ham amaliy natijalardan darak beradi.
Kafedra Rossiya va Qozog‘istonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, viloyatdagi yirik sanoat korxonalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Bu esa ta’lim jarayonini ishlab chiqarish ehtiyojlariga yaqinlashtirish imkonini bermoqda.
– Joriy yil boshida zavod va institut o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangan edi, – deydi “Jizzax akkumulyator zavodi” AJ bosh direktori maslahatchisi Shuhrat Umarov. – Ushbu hujjat asosida dual ta’limni joriy etish, talabalar amaliyotini tashkil qilish, professor-o‘qituvchilarning ishlab chiqarishda malaka oshirishi va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Qayd etilishicha, zavoddagi muhandis-texnik xodimlarning katta qismi Jizzax politexnika instituti bitiruvchilaridir. Kafedra filialining ochilishi esa bu jarayonni yanada tizimli yo‘lga qo‘yib, talabalar uchun nazariy bilim bilan bir qatorda mustahkam amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari