Ta’lim sifati – ustuvor vazifa
Bugungi kunda mamlakatimiz maktabgacha va maktab ta’limi bosqichlarida islohotlarni chuqurlashtirish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish maqsadida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma apparati xodimlari, hududiy bo‘limlar rahbarlari hamda “Kelajak” markazlari direktorlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida belgilangan vazifalar ijrosi tanqidiy ruhda ko‘rib chiqilib, ta’lim tizimining eng muhim yo‘nalishlari atroflicha tahlil qilindi. Xususan, 1-sinfga qabul jarayonlarini puxta tashkil etish, xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik, ayniqsa, PIRLS tadqiqotiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, fan olimpiadalarining saralash bosqichlarida yuqori natijalarga erishish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, pedagog xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlarini shaffof va adolatli tashkil etish, maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish orqali yangi muassasalarni ishga tushirish, kam ta’minlangan oilalar farzandlarini ta’limga keng jalb qilish kabi vazifalar dolzarb yo‘nalish sifatida belgilab olindi.
Yig‘ilishda inklyuziv ta’limni rivojlantirish, bu sohadagi maktablarni malakali mutaxassislar bilan ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi. Shu bilan birga, “Kelajak” markazlari faoliyati samaradorligi, “Jasorat maktablari”ning tayyorgarlik darajasi, Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik xonalarining jihozlanishi kabi masalalar tahlil qilinib, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Bundan tashqari, sport sinovlarini yuqori saviyada tashkil etish, sun’iy intellektga oid topshiriqlar ijrosini ta’minlash, ijro intizomini mustahkamlash hamda murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.

Tahlillar natijasida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish, shuningdek muammoli maktablar bilan manzilli ishlash vazifalari yuklatildi.
Mazkur yig‘ilish ta’lim tizimidagi mavjud muammolarni aniqlash, ularga yechim topish va kelgusi ustuvor vazifalarni belgilab olishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.