Ta’lim maskanlarida ko‘chat ekish qizg‘in
Farg‘ona viloyatidagi barcha professional ta’lim muassasalarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Yo‘l chetlari va ta’lim muassasalaridagi bo‘sh yer maydonlariga turli ko‘chat va qalamchalar ekilmoqda, gullar o‘tqazilmoqda.
Furqat tuman kasb-hunar maktabida 1 va 2-sektor rahbarlari ishtirokida ko‘chat o‘tqazish marosimi tashkil etildi. Ta’lim muassasasi hududiga lavanda, atirgul kabi gullar, shaftoli, bodom, gilos, olma kabi mevali ko‘chatlar, 1000 tup terak nihollari ekildi. “Yaxshidan bog‘ qolar” shiori ostida o‘tgan tadbirda pedagog xodimlar, kasb ta’limi ustalari faollik ko‘rsatishdi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan bu ezgu tashabbus zamirida ona tabiatni asrab-avaylash, aholi, xususan, yoshlarda o‘simlik dunyosiga hurmat-e’tiborni shakllantirish, kelajak avlodlar uchun beqiyos meros qoldirishdek mas’uliyat mujassam, – deydi viloyat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i To‘ychiboy Boymatov. – Bugun kattalarning ko‘chat o‘tqazayotganini, gul ekayotganini ko‘rgan farzandlarimizda ham shunday fazilat shakllanadi. Shu boisdan loyiha doirasidagi barcha chora-tadbirlarga havas, orzu-istak, ishtiyoq bilan yondashish talab etiladi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Yashil makon” – vijdonimiz, bo‘lajak hayotimiz, farzandlarimiz oldidagi mas’uliyatimizdir.

Shu kuni mazkur kasb-hunar maktabida 20 ming tup rayhon ko‘chati yetishtirishni reja qilgan holda plyonka ostiga qora rayhon urug‘i sepildi. Yaxshi parvarish qilinsa, tumandagi katta yo‘l yoqalari, ijtimoiy obyektlar atrofiga ekish uchun rayhon ko‘chatlari yetkazib beriladi.
– Kasb-hunar maktabimizda bog‘dorchilik va dehqonchilik ishlariga azaldan e’tibor qaratib kelinadi. Misol uchun, o‘tgan yili 5 ming dona terak va tok qalamchasi yetishtirdik. 5 million so‘mlik uzum mevasini sotdik. 15 sotix maydondagi issiqxonamizda gulchilikni ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz, – deydi ta’lim muassasasi direktori Shahzoda Abdullayeva. – Bu yil umummilliy loyiha doirasida 50 tup lavanda, 2000 tup atirgul, 30 tup shaftoli, 100 tup bodom va 1000 tup terak ko‘chati ekyapmiz. Kun kelib manzarali daraxtlar soya-salqinidan, mevali daraxtlar hosilidan yoshlarimiz bahramand bo‘lishadi, havo ham musaffo bo‘ladi, yurtimiz yanada ko‘rkamlashadi. Shuning uchun ham maktabimiz jamoasi bu ishga astoydil kirishgan. Axir, xalqimiz bejiz “Yaxshidan bog‘ qolar...” deb aytmagan-ku.
Viloyatdagi barcha korxonava tashkilotlar, ta’lim muassasalari, mahallalarda “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar ko‘tarinki kayfiyatda davom etmoqda.
M.Sulaymonov,
O‘zA muxbiri