Ta’lim islohotlari xalqaro standartlarga mosmi?
Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari diqqatiga!
Bugun ulug‘ maqsadlar yo‘lida mamlakatimiz ta’lim tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda.Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’lim-tarbiya sohasini yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan tarixiy ahamiyatga ega vazifalar belgilab berildi.
Yangi O‘zbekistonni barpo etishdek yuksak maqsad uchun kurashilayotgan hozirgi jarayonda maqtov aytishdan ko‘ra, kamchiliklarni tanqid qilish, ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar aytish ming barobar muhim va foydalidir.
Samarqand davlat meditsina institutida 2004-2020 yillarda rektor lavozimida faoliyat ko‘rsatgan professor, taniqli olim Azamat Shamsiyevning “Ta’lim islohotlari xalqaro standartlarga mosmi?” sarlavhali tahliliy maqolasini o‘qib, ko‘ngildan ana shunday fikrlar o‘tdi. Uning takliflari har tamonlama asoslantirilgani bilan e’tiborimizni tortdi.
Bu takliflar tegishli vazirliklar va boshqa mas’ullar tomonidan diqqat bilan o‘rganilishi va xolis xulosalarga kelinishi lozim, deb o‘ylaymiz.
TAHRIRIYAT
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan o‘zgartirish, uni xalqaro standartlarga integratsiyalash, mehnat bozori talabiga mos yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash hamda milliy uyg‘onish g‘oyasini ro‘yobga chiqaradigan yuksak madaniyatli yangi avlodni voyaga yetkazish mexanizmlarini yaratish maqsadida tarixiy islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonning keyingi taraqqiyoti jarayonida maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, umumta’lim maktablari faoliyatini yaxshilash, oliy ta’lim tizimini dunyo standartlariga moslashtirish, xalqaro reytinglarga kiritish, o‘quv yurtlariga qabul qilishda adolatli tizimni o‘rnatish, mamlakatimizda nufuzli chet el universitetlarining filiallarini ochish kabi ko‘plab ishlar olib borilmoqda.
Ammo ming afsuslar bo‘lsinki, mamlakatimiz ta’lim tizimi rivojiga, ayniqsa, uning dunyo standartlari darajasiga chiqishiga to‘siq bo‘layotgan muammolar ham yo‘q emas. Bular nimalardan iborat va ularni bartaraf etish yo‘llari qanday?
Mamlakatimiz ta’lim tizimi rivojiga to‘siq bo‘lib turgan eng birinchi muammo, bu – davlat ta’lim standartlarining YUNESKO tomonidan qabul qilingan Xalqaro ta’lim klassifikatsiyasi standartiga (XTKS) mos kelmasligi. Vaholanki, bu xalqaro standartda ta’lim sohasining barcha bosqichlariga oid me’yorlar aslida qanday bo‘lishi, qanday tarzda bo‘lsa, yuqori natijalarga erishish mumkinligi aniq va ravshan belgilab berilgan. Lekin bizning ta’lim tizimimizda shu kungacha bu me’yorlar ko‘zda tutilmagan.
Holbuki, jahon tajribasiga ko‘ra, milliy ta’lim standartlari, o‘z ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy xususiyatlariga ega bo‘lgan alohida olingan ayrim davlatlar tajribasiga emas, balki Xalqaro ta’lim klassifikatsiyasi standartiga (XTKS) asoslanishi zarur. Faqat shundagina jahon standartlari talablariga javob bera oladigan yuqori malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Dunyoning rivojlangan davlatlari qatori O‘zbekistonda ham yigirma yildan ortiq vaqt mobaynida, to o‘tgan asrning oxirlarigacha Xalqaro ta’lim klassifikatsiyasi standartidan (1976 y.) foydalanib kelindi. Biroq, dunyo ta’lim tizimiga kiritilgan keyingi yangiliklar natijasida ushbu asosiy konseptual hujjat ikki marta yangilandi (XTKS-1997 va XTKS-2011).
Ammo yangilangan bu muhim xalqaro hujjatlar, mamlakatimiz ta’lim tizimini isloh qilish uchun 1997 yilda “Ta’lim to‘g‘risida” va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qilishda, shuningdek, 1999-2001 yillarda “Davlat ta’lim standartlari”ni ishlab chiqish jarayonida hisobga olinmadi. Natijada mamlakatimiz ta’lim tizimi jahon ta’lim standartlaridan uzoqlashdi va ancha ortda qoldi.
Ta’lim sohasiga oid hujjatlarni tayyorlash va amaliyotga joriy qilish bilan bog‘liq masalalarga jiddiy e’tibor qaratmaganimiz bois, o‘tgan davrda ta’limga doir qabul qilingan qonun va davlat ta’lim standartlaridan ko‘zlangan natijalarga erishmadik. Shu bois, mamlakatimizda davlat ta’lim standartlari 2015-2017 yillarda yana o‘zgartirildi. Ammo bu o‘zgartirishlar ham barcha davlatlar foydalanib kelayotgan 2011 yilda ishlab chiqilgan yangi xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydi. Aksincha, undan yanada uzoqlashdi, ayniqsa, ta’lim sifati, ketma-ketligi, davomiyligi va uzluksizligiga jiddiy putur yetdi.
Amaldagi ta’lim tizimimiz xalqaro ta’lim standartiga moslashmagani, integratsiyalashmagani sababli yana ko‘plab muammo va kamchiliklar yuzaga keldi.
Avvalo ta’kidlash joizki, XTKS (2011) tarkibida uchta klassifikatsiya bo‘lib, ular ta’lim daraja va dasturlari klassifikatsiyasi (TDDK), ta’lim malakalari klassifikatsiyasi (TMK), ta’lim sohasi va mutaxassisliklar klassifikatsiyasi (TSMK), deb nomlanadi. Mana shu uchta klassifikatsiya, dunyo mamlakatlarida tan olingan va yuqori samara berib kelayotgan, xalqaro ta’lim standartining asosi sifatida e’tiborga loyiqdir.
Ammo bizda, birinchidan, shu kunga qadar ta’lim daraja va dasturlari klassifikatsiyasi (TDDK) ishlab chiqilmagan. Yana bir jihat, XTKSda bizning ta’lim standartlarimizdan farqli o‘laroq, ta’lim tizimini maktabgacha ta’limdan doktoranturagacha bo‘lgan sakkizta darajaga ajratiladi. Negaki, ta’lim tizimini darajalarga ajratish ta’lim sifatini yaxshilashda o‘ta muhim ahamiyatga egadir. Chunki har qanday ta’lim darajasining dasturlarida aniq talablar, maqsadlar, uning davomiyligi, kutiladigan natijalar va har bir bosqichni bitirganda qanday bilimga ega bo‘lishning standart darajasi belgilanadi.
Xalqaro standartga asosan har bir ta’lim darajasi uchun ta’lim dasturlari va ularga mos ravishda malaka talablari ishlab chiqilishi ta’lim sifatining oshishiga asos bo‘ladi. Ta’lim tizimini darajalarga ajratish uning uzluksizligi va ketma-ketligini ta’minlaydi. Bu tushuncha va tamoyillar xalqaro ta’lim klassifikatsiyasining asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Bizda, ana shu darajalarga ajratilgan klassifikatsiya yo‘qligi ta’lim sifatining pasayishiga olib keldi.
Ta’lim tizimi rivojiga to‘siq bo‘layotgan ikkinchi masala, bu – mamlakatimizda xalqaro va Yevropa malakalar standartiga moslashgan ta’lim malakalari klassifikatsiyasi (TMK) hozirgacha ishlab chiqilmaganligidir. Joriy etilganlari to‘laqonli emas va eski ma’lumotlarga asoslangan bo‘lib, undan bugungi kunda foydalanib bo‘lmaydi. E’tibor bering, yurtimizda 20 yildan buyon oliy ta’lim bitiruvchilariga beriladigan diplomlarda kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beradigan, xalqaro talablarga muvofiq tegishli malaka, ta’lim darajalari, xususan, kasbi, ixtisosligi va boshqalar ko‘rsatilmayapti. Natijada diplomlarimiz rivojlangan davlatlar tomonidan tan olinmay kelinmoqda.
Mamlakatimizda TMKni joriy etish va undan foydalanish, yangi ta’lim standartlarini ishlab chiqish hamda o‘quv yurtlarining ta’lim va kasbga oid dasturlarini tuzishda muhim ahamiyatga ega. TMKning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, u davlatning iqtisodiy o‘sishini ta’minlaydigan ta’lim tizimi bilan mehnat bozorini o‘zaro bog‘lovchi muhim vosita hisoblanadi. Attestatsiya va sertifikatsiyadan o‘tkazuvchi idoralar ham shu asosda kadrlarni sinovdan o‘tkazadi.
Uchinchidan, mamlakatimizda 1997 yilda qabul qilingan, eskirgan ta’lim klassifikatoridan foydalanib, 300 dan ortiq bakalavr va 600 dan ortiq magistr tayyorlanadi. Bizningcha, bunday tor profilli mutaxassislarni tayyorlash tez o‘zgaruvchan mehnat bozori talablariga javob bermaydi. Qolaversa, bu iqtisodiy jihatdan davlat uchun manfaatli emas. Oliy o‘quv yurtini bitirgan tor profilli kadrlar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ish topishi qiyin bo‘lib qolmoqda, chunki mehnat bozorida keng profilli mutaxassislarga bo‘lgan talab doimo yuqori.
Jahon amaliyotida 2013 yilda ishlab chiqilgan TSMKning yangi xalqaro standarti ishlatilmoqda. Unga ko‘ra, 80 ga yaqin ixtisoslashgan soha doirasida keng profilli mutaxassis kadrlar tayyorlash ko‘zda tutilgan. Shu munosabat bilan yangi xalqaro standart asosida unga moslashgan o‘zimizning TSMK joriy etilishi hozir tayyorlanayotgan 900-1000 ga yaqin tor ixtisosliklardan qaysi biri kerak, qaysi biri kerak emasligini aniqlab, zamon talabiga moslarini qoldirish maqsalga muvofiqdir. E’tibor bering, bugungi kunda birgina qishloq xo‘jaligining agronomiya sohasida juda ko‘p tor doiradagi mutaxassislar tayyorlanmoqda. Masalan, anorchilik, paxtachilik, yem-xashak ekinlari, mevachilik va uzumchilik, sabzavotchilik va kartoshkachilik kabi mutaxassisliklar shular jumlasidan. Zooinjeneriya sohasi bo‘yicha ham vaziyat shunday, asalarichilik, parrandachilik, qo‘ychilik va echkichilik, qoramolchilik, yilqichilik va tuyachilik kabi o‘nlab tor mutaxassisliklar tayyorlanmoqda. Ular o‘rniga, yangi zamon talab qilayotgan, keng doiradagi mutaxassis agronom yoki zooinjenerlar tayyorlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
To‘rtinchidan, bugun oliy ta’lim tizimining xalqaro ta’lim standartlariga to‘la mos kelmasligi va integratsiyaning yo‘qligi tufayli bu holat tayyorlanayotgan mutaxassislar sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ma’lumki, amaldagi davlat ta’lim standartida ta’limning murakkabligi, kredit diapazoni va har xil ixtisoslikdagi mutaxassislarni tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olinmasdan, asossiz ravishda faqat ikki bosqichli oliy ta’lim tizimi (bakalavriat va magistratura) kiritilgan, xolos. Vaholanki, xalqaro ta’lim standartlarida ikki bosqichli oliy ta’limdan tashqari, magistr darajasida mutaxassis tayyorlovchi bir bosqichli oliy ta’lim tizimi ham mavjud. Bizda bu jarayon inobatga olinmagan.
Xususan, xalqaro me’yorlarga ko‘ra, meditsina, stomatologiya, farmatsevtika, veterinariya, arxitektura, injenerlik ishi, yurisprudensiya va fundamental fanlar sohasida magistr darajasida mutaxassislar tayyorlash davomiyligi 5 yildan kam bo‘lmagan, bir bosqichli oliy ta’lim dasturi asosida amalga oshiriladi. Chunki 3-4 yilga mo‘ljallangan bakalavriat dasturi bu va boshqa ayrim mutaxassisliklar bo‘yicha bilim olish va tanlangan soha bo‘yicha ishga joylashish uchun yetarli emas. Yana bir muhim masala shuki, maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich va umumta’lim maktablari uchun o‘qituvchilarni ikki bosqichli oliy ta’lim asosida tayyorlash (bakalavriat va magistratura) dasturi ham o‘zini oqlamaganining guvohi bo‘lib turibmiz.
Beshinchidan, bu – maktab ta’limining zaif tomonlari bilan bog‘liq. Avvalo, bugungi 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi uch bosqichli ta’limda (1-4, 5-9 va 10-11-sinflar) o‘ziga yarasha zamon talablariga mos me’yorlar yo‘q. Faqatgina 1-9-sinflar uchun bitta ta’lim standarti ishlab chiqilgan xolos. Boshqacha aytganda, har qaysi o‘quv bosqichiga alohida ta’lim dasturlari va aniq malakaviy talablar xalqaro standart darajasida rasmiylashtirilmagan. Holbuki, shunga qarab, masalan, har bir bosqichda o‘quv jarayoni, mazmuni, o‘qitiladigan fanlar soni, maqsadi, vazifalari, qaysi bosqichda va qaysi sinfda qanday bilim berish kerakligini aniqlash mumkin. Ammo bunday yondashuv asosida o‘qitish bugungi 11 yillik ta’limda ko‘zda tutilmagan.
Dunyo tajribasiga ko‘ra, 10-11-sinflarda o‘tiladigan hamma fanlar bo‘yicha tayanch va ixtisoslashtirilgan ikki turdagi standartlashgan dasturlar yaratish davr talabidir. Negaki, bu maktablarda ixtisoslashgan sinflar tashkil qilishda muhim ahamiyatga egadir.
Xalqaro standartlarda bolalarni birinchi sinfga o‘qishga qabul qilishda birdan-bir asosiy talab ularning yoshi hisoblanadi. Xalqaro ta’lim standartiga ko‘ra, bolalarni besh-yetti yoshdan maktabga qabul qilish ularning jismoniy va aqliy jihatdan rivojlanganini e’tiborga olgan holda amalga oshiriladi. Ular besh yoshga to‘lgan va yetti yoshdan oshmagan bo‘lishlari kerak. Bizda bu jarayon sal boshqacharoq, ta’lim to‘g‘risidagi yangi qonunimizda bolalar yetti yoshga to‘ladigan yilda qabul qilinishi belgilab qo‘yilgan. Holbuki, bizda ham ushbu xalqaro amaliyot joriy etilishi bolalarning ertaroq bilim o‘zlashtirishiga zamin yaratadi, qolaversa, maktablarga qabul jarayonidagi turli xil to‘siqlar, ta’magirlik va korrupsiyaning oldi olinadi. Albatta, bolalarni 5-7 yoshdan maktabga qabul qilish masalasi jiddiy bahslarni uyg‘otishi tabiiy. Biroq bu o‘rinda biz tarixiy manbalarda ulug‘ ajdodlarimiz imom Al-Buxoriy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Amir Temur, Alisher Navoiy singari yuzlab atoqli shaxslar besh, hatto uch yoshlaridan ta’limga jalb qilinganini eslatib o‘tmoqchimiz. Bu misolni keltirishdan maqsad shuki, bolani 5 yoshdan ta’limga jalb qilish bizning tariximiz uchun begona emas, balki sinovdan o‘tib o‘zining ijobiy natijasini bergan haqiqatdir.
Butun dunyo davlatlarida 9 yillik tayanch o‘rta maktab ta’limi majburiy bo‘lib, o‘qishni davom ettirishga moyilligi sustroq, lekin hunar-texnikaga qiziqishi ko‘proq bo‘lgan yoshlarga kasb tanlashda to‘sqinlik qilinmaydi va kasb-hunar maktablarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ish joyida kasb-hunar o‘rganishiga sharoit yaratib beriladi. Ayrim yoshlar 10-11-sinfda o‘qishni davom ettirib, maktabdan tashqari vaqtda kasb-hunar maktablarining ishlab-chiqarish korxonalarida yoki tashkilotlarda joylashgan o‘quv bazalarida kasb-hunar o‘rganadi (dual tizim asosida). Qolgan o‘quvchilar umumiy o‘rta maktablarning ixtisoslashgan sinflarini bitirib, universitet va texnikumlarda o‘qishni davom ettiradi. Bitiruvchi yoshlarning yana bir qismi – oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kira olmaganlar yoki o‘qishni davom ettirishni istamaganlar kasb-hunar bilim yurtlarida o‘zlari qiziqqan kasbni egallab, to‘g‘ri mehnat bozoriga chiqishadi va hayoti davomida kasbini takomillashtirishi va ishdan ajralmagan holda mehnat bozori talabiga qarab qo‘shimcha kasblarni egallashi mumkin.
Shu yerda qo‘shma (dual) tizim haqida to‘xtalar ekanmiz, uning o‘ziga xos talablari mavjud ekanini qayd etib o‘tmoqchimiz. Birinchidan, 10-11-sinfda o‘qish maktabda o‘tiladi, hunar o‘rganish kasb-hunar maktabini o‘quv bazasida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish joyida o‘rganiladi. Ikkinchidan, umumiy o‘rta maktabni tugatgani haqida alohida attestat, kasb-hunar maktabini bitirib, kasb egallagani to‘g‘risida alohida guvohnoma berilishi shart. Bu talablarni bajarmaslik ta’lim sifatiga jiddiy ta’sir qiladi va malakali ishchi kadrlar tayyorlashning yomonlashuviga olib keladi. Shuningdek, Yevropa davlatlarining ko‘p yillik tajribasiga ko‘ra, to‘qqizinchi yoki o‘n birinchi sinfni bitiruvchi o‘quvchilar, kasb-hunar maktablari va bilim yurtlariga, bizdan farqli o‘laroq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanlovsiz qabul qilinadi. Bundan tashqari, kasb-hunarga o‘rgatish ularda mutlaqo bepul, hattoki doimiy ish o‘rnida ishlovchi xodimlarning 60-70 foiz oylik maoshiga teng mablag‘ berish tizimi ham mavjud.
Bu keltirilayotgan ma’lumotlar tegishli xalqaro me’yoriy hujjatlarda belgilangan. Nazarimizda, mamlakatimizda ham ta’lim tizimini ayni shu ko‘rinishlar asosida rivojlantiradigan bo‘lsak, birinchidan, ta’lim bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro integratsiyani ta’minlagan bo‘lamiz, ikkinchidan, kambag‘allikni qisqartirishga, hududlarda yangi ish o‘rinlari tashkil etishga erishgan bo‘lamiz.
Ta’lim islohotiga to‘siq bo‘layotgan yana bir holatni keltirmoqchimiz. Hammaga ma’lumki, tayanch o‘rta maktabni bitiruvchi (9-sinf) o‘quvchilar 10-11-sinfni o‘z maktablarida, kasb-hunar maktablarida yoki akademiklitseylarda davom ettiradilar. Litseyda 10-11-sinf fanlarini asosiy qismi odatiy, yo‘nalishga tegishli fanlar chuqurlashtirilgan tartibda o‘qitiladi xolos. Lekin maktablar Xalq ta’limi vazirligiga, akademik litseylar va kasb-hunar maktablari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga qaraydi. Aslida ular o‘qiyotgan ilm dargohi o‘rta maktab, kasb-hunar maktabi, akademik litsey, kollej yoxud gimnaziya deb nomlanishidan qat’i nazar, bu xalqaro ta’lim standartiga asosan umumiy o‘rta ta’limning uchinchi bosqichi hisoblanadi (XTKS – 3 daraja). Shuning uchun ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida bo‘lishi kerak. Bu ta’limning uzviyligini va ketma-ketligini ta’minlaydigan eng muhim omildir.
Yana bir masala, bizda o‘rta maxsus professional ta’lim, deb nomlanayotgan texnikumlar xalqaro standartlarga ko‘ra (XTKS – 5 daraja) o‘tgan asrning elliginchi yillaridan buyon oliy ta’limning quyi bosqichi hisoblanadi. Bu ta’lim muassasasini bitiruvchilarga mutaxassis-texnik yoki assotsiat darajasi (Associate Degree) va oliy ma’lumotli diplom beriladi. Milliy ta’lim tizimining xalqaro tizim bilan muvofiqlashtirilishi, ya’ni texnikumlar oliy ta’lim darajasiga ko‘tarilishi, umumiy o‘rta ta’limni to‘lig‘icha Xalq ta’limi vazirligi tarkibiga kiritilishi katta ijobiy o‘zgarishlarga olib keladi va ta’lim sifati keskin yaxshilanadi. Natijada rivojlangan davlatlarning birontasida bo‘lmagan, oliy ta’lim tarkibidagi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markaziga o‘z-o‘zidan hojat qolmaydi.
Mamlakatimiz ta’lim tizimining bugungi ahvoli, xususan, umumta’lim tizimini rivojlantirishdagi eng dolzarb muammolar haqida so‘z yuritar ekanmiz, maktab o‘qituvchisi tayyorlash bilan bog‘liq bir qancha noaniqliklar va chalkashliklar mavjudligini ham qayd etish joiz. Misol uchun, 2001 yilda qabul qilingan va 2015 yil qayta ko‘rib chiqilgan Davlat ta’lim standartining oliy ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari klassifikatorida tayyorlanayotgan ixtisosliklar darajasi va nomlari xalqaro standartlarga umuman mos kelmaydi. Masalan, ushbu klassifikatorga ko‘ra, oliy ta’lim bitiruvchilariga “biologiyadan dars berish metodikasi” yoki “matematikadan dars berish metodikasi” va boshqalar bo‘yicha bakalavr darajasi berilmoqda. Vaholanki, xalqaro standartlarga ko‘ra, maktabgacha ta’lim o‘qituvchisi, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi, o‘rta maktab biologiya o‘qituvchisi, o‘rta maktab matematika o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma’lumotli diplom berilishi ko‘zda tutilgan. Demak, pedagog kadrlarni tayyorlash va ularga diplom berish borasida ham kamchiliklar bor.
Oltinchidan, 1997-2001 yillarda o‘tkazilgan islohotlar natijasida 10-11-sinflar, kasb-hunar bilim yurtlari (PTU) va texnikumlar asossiz ravishda bitta ta’lim bosqichiga birlashtirilib, kollejlarga aylantirildi. Holbuki xalqaro standartlarga muvofiq, bu uch ko‘rinishdagi ta’lim kadrlar tayyorlash maqsadi va mazmuniga, o‘quv dasturlari murakkabligi va o‘qish davomiyligiga ko‘ra, o‘zaro farqlanib, ta’limning alohida bosqichlari hisoblanadi. Eng asosiy farq shuki, texnikum mutaxassis-texniklar, kasb-hunar maktabi va bilim yurtlari esa malakali ishchi tayyorlaydi. Ayniqsa, kasb-hunar maktablarida o‘quvchilarga bir paytning o‘zida ham 10-11-sinflarning yigirmaga yaqin umumta’lim fanlarini o‘qitish, ham kasb-hunarga o‘rgatish kutilgan samarani bermasligini o‘tgan yigirma yildan ortiq vaqt ko‘rsatdi.
Bu xato-kamchiliklarga barham berish, kadrlar tayyorlash jarayonini zamon talablariga moslashtirish maqsadida 2019 yil 6 sentyabrda Prezidentimizning «Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga muvofiq avvalgi islohotlar davrida asossiz tarzda qo‘shib yuborilib, kollejga aylantirilgan ta’lim muassasalarini uchta alohida – boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus, professional ta’lim tizimiga ajratish to‘g‘risida topshiriq berildi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ham qabul qilindi. Bunda boshlang‘ich va o‘rta professional ta’lim bosqichlarida o‘quvchilarni kasb-hunarga o‘rgatib, malakali ishchi yetishtirish, o‘rta maxsus professional ta’lim bosqichida mutaxassis-texniklar tayyorlash ko‘zda tutilgan. Bular o‘rtasida juda katta farq borligi yaqqol ko‘rinib turibdi.
Ammo mavjud farmon va qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan 2020 yil 20 fevralda ishlab chiqilgan “Professional ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari va kasblari klassifikatori”da bir qator chalkashliklar mavjudligi ko‘zga tashlanadi. Bu Prezident farmonida ko‘rsatilgan topshiriq va vazifalarga mos kelmaydi.
Masalan, ushbu klassifikatorga ko‘ra:
-sport yo‘nalishi bo‘yicha trener va trener instruktorlar tayyorlash uchta ta’lim bosqichida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Holbuki, xalqaro standartlarga asosan trenerlar va trener-instruktorlarni tayyorlash usuliga ko‘ra, vakolat faqat texnikumlarga taalluqli;
-shuningdek, texnikumlarda tayyorlanishi kerak bo‘lgan hamshiralik ishi, stomatologiya va farmatsevtika yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassisliklar kasb-hunar kollejlarida ham tayyorlanayapti;
-hattoki oliy o‘quv yurtlarida tayyorlanishi kerak bo‘lgan (!) mutaxassisliklarni boshlang‘ich kasb-hunar maktablarida (9-sinf bitiruvchilari) tayyorlash ko‘zda tutilgan. Misol, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi yo‘nalishi bo‘yicha o‘ttizdan ortiq har xil turdagi teatr, kino va televideniye rassomlari hamda dizaynerlar tayyorlash belgilangan. Ular bir paytning o‘zida 10-11-sinfda o‘tiladigan yigirmaga yaqin fanlarni ham o‘zlashtirishlari kerak. Ta’lim tizimimizda mavjud bo‘lgan shu kabi kamchiliklar yigirma yil davomida yo‘l qo‘yib kelingan xatolar yana takrorlanayotganidan dalolat beradi.
Ta’lim islohotidagi ikkinchi muammo — bu amaldagi Davlat ta’lim standartlarining bundan o‘ttiz yil oldin Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan ishlab chiqilgan, aslida eskirgan xalqaro kasblar klassifikatsiyasi standartiga (XKKS-88) mos kelmasligidir. Ta’lim tizimi va ishlab chiqarish o‘rtasida bunday o‘zaro hamkorlik va integratsiyaning yo‘qligi sifatli ta’lim va mutaxassis kadrlar tayyorlash tizimidagi jiddiy kamchiliklar doirasiga kiradi.
Buning ustiga, davlat ta’lim standartlarimiz o‘zimizda ishlab chiqilgan milliy kasblar klassifikatsiyasi standartiga (MKKS-2010) ham mos emas. Ushbu kasblar klassifikatori 2015 va 2017 yillarda ikki marta o‘zgardi, lekin, afsuski, yaxshi tomonga qarab emas. Bizda ta’lim jarayoni bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.
Jahon hamjamiyati allaqachon mehnat bozorida ishchi va mutaxassis kadrlarga qo‘yiladigan talab, vazifa va majburiyatlarga oid muhim, batafsil tafsilotlarga ega bo‘lgan yangi tahrirdagi xalqaro kasblar klassifikatsiyasi standartidan (XKKS-08) foydalanmoqda. Ammo o‘n yildan ortiq vaqt o‘tganiga qaramasdan, hozirgacha bu muhim xalqaro hujjatga asoslanib, unga moslashgan va integratsiyalashgan o‘zimizning milliy kasblar klassifikatsiyasi standarti (MKKS) ishlab chiqilmagani va rasmiy ravishda qabul qilinmagani ta’lim islohotiga to‘sqinlik qilib kelmoqda.
Avvalo, shuni ta’kidlash kerakki, xalqaro kasblar klassifikatsiyasi standarti (XKKS-08) bo‘yicha dunyodagi hamma kasblar bajariladigan ishning hajmi, murakkabligi va talab qilinadigan bilim darajasiga qarab chegaralari aniq belgilangan to‘rtta malaka darajasiga ajratilgan. Ularda har bir bosqichning o‘ziga xos me’yor vazifalari aniq ko‘rsatilgan. Ammo bizning davlat ta’lim standartlarimiz va kasblar klassifikatori ushbu me’yorlarga umuman mos kelmaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu muammolarning barchasi xalqaro standartlarga mos kelmagan davlat ta’lim standartlari asosida ish yuritayotganimiz oqibatida ro‘y bergan. Bugun biz bilgan davlat ta’lim standartlari ma’nan eskirgan, ular yangi O‘zbekistonimiz taraqqiyotida ro‘y berayotgan boshqa o‘zgarishlar singari tamomila yangicha ko‘rinish kasb etishi darkor. Zero, ta’limni o‘zgartirmasdan jamiyatni, davlatimizni o‘zgartirishimiz qiyindir. Xo‘sh, buning uchun nimalar qilmoq kerak?!
Ta’lim sohasidagi bugungi muammo va kamchiliklarning bartaraf etilishi xalqaro me’yor va qoidalarning tezroq qabul qilinishi hamda jahon standartlariga asoslangan milliy ta’lim klassifikatsiyasi standarti (MTKS) va milliy kasblar klassifikatsiyasi standarti (MKKS) yaratilishi yangi O‘zbekistonning xalqaro ta’lim hamjamiyatiga integratsiyalashuviga va malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga olib keladi. Ushbu muammolarni hal qilish va ta’lim tizimini tubdan isloh qilish maqsadida eskirgan va xalqaro standartlarga moslashmagan davlat ta’lim standartlari o‘rniga barcha bosqichlar uchun yagona bo‘lgan mutlaqo yangi milliy ta’lim klassifikatsiyasi standarti (MTKS) va milliy ta’lim tizimi tuzilmasining sxematik diagrammasi hamda milliy kasblar klassifikatsiyasi standartining (MKKS) foydalanish juda qulay bo‘lgan elektron varianti ishlab chiqildi. Biz taklif etayotgan milliy ta’lim klassifikatsiyasi standarti (MTKS) quyidagi uchta asosiy qismdan iborat:
Ta’lim daraja va dasturlari klassifikatsiyasi (TDDK). Ushbu klassifikatsiya xalqaro ta’lim klassifikatsiyasi standarti (XTKS-2011) asosida yaratilgan bo‘lib, maktabgacha ta’limdan doktoranturaga qadar ta’limning barcha darajalarini qamrab olgan. Shuningdek, u kreditlar oralig‘ini, talabalar yoshini, o‘qish davomiyligi, birinchi va ikkinchi bakalavriat va magistratura dasturlarini hisobga oladi. Ta’lim darajalari klassifikatsiyasiga Yevropa oliy ta’lim hamjamiyati tomonidan qabul qilingan oliy ta’limning qisqa, birinchi, ikkinchi va uchinchi kvalifikatsiyalari kiritilgan. Yangi ta’lim daraja va dasturlari klassifikatsiyasi (TDDK)ning qabul qilinishi bir bosqichli va ikki bosqichli oliy ta’lim dasturlari asosida mutaxassis kadrlar tayyorlashga, ta’limning har bir darajasi uchun ta’lim standarti va dasturlari ishlab chiqishga imkon beradi. Bu kadrlar tayyorlash sifatini jiddiy yaxshilaydi, ta’lim jarayonining uzluksizligi va ketma-ketligini ta’minlaydi.
Ta’lim malakalari klassifikatsiyasi (TMK). Taklif etilayotgan ta’lim malakalari klassifikatsiyasi (TMK) Yevropa kvalifikatsiyalar ramkasiga (YeKR) va Yevropa oliy ta’lim kvalifikatsiyalar ramkasiga asoslangan. Ta’lim malakalari klassifikatsiyasi (TMK) ta’lim darajalariga mos ravishda 8 ta darajaga ajratilgan bo‘lib, unda bir pog‘onadagi malaka darajasining ikkinchisidan sifat jihatidan farqini belgilaydigan bilim, qobiliyat, ko‘nikma, mas’uliyat, munosabat, muomala, mustaqil fikrlash kabi kompetensiyalar mavjud. Ta’lim malakalari klassifikatsiyasini tatbiq etish va undan namuna sifatida foydalanish yangi ta’lim dasturlari va malakalarini ishlab chiqish hamda ta’lim va kasbga oid o‘quv reja va dasturlarini tuzishda tayanch vazifasini o‘taydi. Attestatsiya o‘tkazuvchi va sertifikatlovchi idoralar ham kadrlarni shu asosda sinovdan o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.
Ushbu taqdim qilinayotgan malakalar klassifikatsiyasi ta’lim tizimida ochiq-oshkoralikni ta’minlaydi, xalqaro darajadagi kvalifikatsiyalar standarti yoki boshqa davlatlar milliy ta’lim tizimi bilan taqqoslashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Ta’lim sohasi va mutaxassisliklar klassifikatsiyasi (TSMK). Ushbu klassifikatsiya xalqaro ta’lim klassifikatsiyasi standarti (XTKS-2013) asosida yaratilgan bo‘lib, unga ko‘ra, 80 ga yaqin ixtisoslashgan soha doirasida oliy ta’lim va kasb-hunarga o‘rgatish tizimida keng profilli mutaxassis kadrlar va malakali ishchilar tayyorlash ko‘zda tutilgan. Yangi yaratilgan klassifikatsiyaning fanlararo dasturlariga muvofiq, tanlab olingan kasb bo‘yicha bir necha ixtisoslikni egallash imkonini beradi. Masalan, tadbirkorlikning huquqiy va iqtisodiy asoslarini biladigan injener kadrlarni tayyorlash mumkin. Ushbu fanlararo dasturga asosan, maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich va o‘rta maktab o‘qituvchilarini tayyorlash jarayonida ular bir bosqichli oliy ta’lim dasturiga muvofiq, bir vaqtning o‘zida kamida ikkita ixtisoslik bo‘yicha oliy ma’lumotli diplom olishlari mumkin.
Milliy ta’lim tizimi tuzilmasi yangi ishlab chiqilgan milliy ta’lim klassifikatsiyasi standarti (MTKS) asosida yaratilgan bo‘lib, u ta’lim dasturi va malakalari darajasini, o‘quvchilar yoshi, ta’limning davomiyligi, ketma-ketligi va uzluksizligini yaqqol namoyon qiladi hamda xalqaro ta’lim klassifikatsiyasi standartiga mos keladi. Ushbu tuzilmani sxematik diagrammasini bemalol Yevropaning 40 dan ortiq davlatidagi shu kabi tuzilmalari bilan taqqoslash va jahon ta’lim tizimidagi yangiliklarni kuzatib borish mumkin.
Umuman olganda, taqdim etilayotgan mutlaqo yangi milliy ta’lim klassifikatsiyasi standarti (MTKS) nafaqat xalqaro ta’lim klassifikatsiyasi standarti (XTKS-2011)ga, balki xalqaro kasblar klassifikatsiyasi standarti (XKKS-08)ga ham uyg‘unlashgan. Ushbu loyiha 2006-2018 yillarda 50 dan ortiq davlatlar ta’lim tizimi, YUNESKO va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan qabul qilingan barcha ta’lim va kasblar klassifikatsiyalarining xalqaro standartlariga muvofiq tayyorlangan. Shunga asosan, 2013 yil Samarqand davlat meditsina institutida xalqaro ta’lim standartlariga mos ta’lim dasturlari, o‘quv reja va fan dasturlari yaratildi va kredit-modul tizimida o‘qitish joriy etildi. Ushbu tizim onlayn usulda masofaviy ta’lim berish, malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, dunyoning rivojlangan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bilan raqobatlasha oladigan kadrlar tayyorlashga muhim zamin yaratdi.
Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining 2019 yil 11 yanvarda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida davlatimiz rahbari bu yangilikka yuqori baho berib, uni qo‘llab-quvvatladi. Prezidentimizning 2019 yil 9 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarini 2030 yilga qadar kredit-modul tizimiga o‘tishi belgilab qo‘yildi.
Biz taklif etayotgan milliy ta’lim klassifikatsiyasi standartining (MTKS) qabul qilinishi ta’lim tizimini to‘laqonli isloh etishga asos bo‘ladi. Bu ta’lim sohasida katta yutuqlarga olib keladi, uning uzluksizligi, ketma-ketligi va dunyo ta’lim tizimiga integratsiyasini ta’minlaydi, sifatli ta’lim va mutaxassis kadrlar tayyorlashni yaxshilaydi va bugungidan farqli o‘laroq, bizning diplomlarimiz dunyoning rivojlangan davlatlari tomonidan tan olinadi. Yangi milliy ta’lim klassifikatsiyasi standarti tegishli vazirliklarga ta’lim darajalari va sohalari bo‘yicha ta’lim dasturlari va malakalarini yaratish, Yevropa kredit-transfer tizimini joriy etish, o‘quv reja va dasturlarni hamda ilmiy-uslubiy qo‘llanmalarning yangi avlodini ishlab chiqish imkonini beradi.
Azamat SHAMSIEV,
Samarqand davlat meditsinainstituti professori
Manba: “O‘zbekiston ovozi”