Ta’lim: Ilmiy ishlar talab darajasidami?
Olimlarning izlanishlarisiz taraqqiyot bo‘lmaydi. Boisi, hayotimizga tatbiq qilinayotgan har qanday yangilikda ularning o‘rganishlari, ilmiy asoslariga tayaniladi. Qishloq xo‘jaligidan tortib, osmon jismlarigacha hammasining asosi ilmga bog‘liq.
Shunday ekan bugun yurtimizdagi olimlar o‘z ilmlarini xalqaro miqyosda qanday targ‘ib qilishyapti? Olib borilayotgan loyiha va tadqiqot natijalari hayotga nechog‘li ta’sir ko‘rsatyapti? Bu borada qanday kamchiliklar mavjud?

Oliy attestatsiya komissiyasida pedagogika fanlari bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar rahbariyati bilan tanqidiy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda shu kabi savollarga to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, ilmiy kengashlar faoliyatini nizomlar talablari asosida tashkil etish, dissertatsiyalar sifatini oshirish, attestatsiya hujjatlarini to‘g‘ri va talablar darajasida rasmiylashtirish, yosh tadqiqotchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularga ko‘maklashish hamda ilm-fanda har qanday korrupsiyaviy holatlarga sabab bo‘luvchi omillarning oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etilib, zarur ko‘rsatmalar berildi.
O‘tkazilgan yig‘ilish yakunida mavzu doirasida yo‘llangan savollarga mas’ullar tomonidan atroflicha javob berildi.
N.Rahmonova,
O‘zA