Talabga javob bermayotgan sudyalar ishdan ketmoqda
Sudyalarni tanlash va tayinlash bilan bog‘liq jarayonlar ochiqlik, shaffoflik asosida amalga oshirilishi bilan bir qatorda ularning keyingi faoliyati ham baholab borilmoqda.
Sudyalarning reyting ko‘rsatkichlari joriy etilgani ham ularning samarali ishlashi, fuqarolar huquqlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan.
Reytingda yaxshi natija ko‘rsatayotgan sudyalar “Ibratli sudya” maqomiga ega bo‘layotgan bo‘lsa, qo‘yilgan talablarga mutlaqo javob bermayotganlarining vakolat muddati tugatilmoqda yoki intizomiy javobgarlikka tortilmoqda.
2022 yilning o‘tgan davrida to‘rt nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi. Ularning uch nafari o‘z arizasiga ko‘ra, bir nafari sudyalik qasamyodini buzgani sababli lavozimidan ozod etildi.
Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, poytaxt sudlarida faoliyat ko‘rsatayotgan X.Parpiyev (jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudining sudyasi), A.Mengliyev (fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining sudyasi), I.Rajabov, N.Hamidov, O.Gulyamova, O.Ismoilov (Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining sudyalari), I.Sobirov (jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudining raisi), Z.Bobonov (jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudining raisi), J.Najimov (jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudining sudyasi) mas’uliyatsizligi va yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari uchun intizomiy javobgarlikka tortildi.
Bundan oldinroq Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining sudyalari A.Bahromov va H.Saidov, Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudining sudyaci F.Murodov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudining sudyasi Sh.Amirov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining sudyasi A.Jabborov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining sudyasi Sh. Abdijemilova, Jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar sudining sudyalari I.Kalniyazov va M. Bekimbetov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudining sudyasi D.Shomatova, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tumanlararo sudining sudyasi J. Bobonazarovlar ham intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tizimda katta o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi.
Farmon ijrosi doirasida sudyalarning daxlsizligini ta’minlash, tizimda korrupsiyaning barvaqt oldini olish, munosib kadrlarni tanlash va tayinlash, tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash yuzasidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Muhimi, sudyalarning o‘z vazifalarini halol va vijdonan bajarishlari bo‘yicha talablar kuchaytirildi.
Bunday talablarga javob bermagani uchun 2021 yilda Sudyalar oliy kengashi qarori bilan 38 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, vazifasidan ozod etilgan.
Shundan 19 nafari sudyalik qasamyodi va “Sudyalar odobi kodeksi” talablarini buzgani uchun, 8 nafari o‘z xohishiga ko‘ra, 8 nafari boshqa ishga o‘tgani, 3 nafari esa vafot etgani munosabati bilan vakolati muddatidan ilgari tugatilgan.
Shuningdek, o‘tgan yilda 220 nafar sudya boshqa turdagi intizomiy javobgarliklarga ham tortilgan.
2020 yilda esa 27 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatilib, lavozimidan ozod qilingan. Cudyalik qasamyodi va odob-axloq qoidalarini hamda odil sudlovni amalga oshirishda qonun talablarini qo‘pol ravishda buzgan 12 nafari esa tizimdan chetlatilgan. Ulardan biri jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Ma’lumki, sudyalar qonunga muvofiq odil sudlovni amalga oshirishga vakolat berilgan shaxslardir. Shu bois barcha sudyalar bir xil maqomga ega. Sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgani bois sudyaning zimmasidagi mas’uliyat katta.
O‘z navbatida, sudyaning maqomi va mas’uliyatidan kelib chiqib, ularning ijtimoiy muhofazasi ham kuchaytirildi. Faoliyati haqli e’tirofga munosiblari rag‘batlantirib kelinmoqda. Jumladan, tizim tarixida ilk marta ta’sis etilgan “Ibratli sudya” mukofoti bilan 16 nafar sudya taqdirlandi.
Tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash orqali sudyalarning mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida Sudyalar oliy kengashi yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun intizomiy javobgarlikka tortilganlar haqida muntazam ochiq axborot berib boradigan bo‘ldi.
Norgul Abduraimova, O‘zA