Talabalar uchun yana bir qulaylik
Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan Akademik innovatsion fondining «O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etishda yangi texnologiyalar» loyihasi doirasida Qarshi davlat universiteti uchun 110 dona Wi-Fi qurilmalari xarid qilindi.
Shunga ko‘ra, yangidan ta’mirlangan 1 ming 200 nafar talabaga mo‘ljallangan o‘quv binosida zamonaviy infrastruktura asosida loyihalashtirilib, yuqori tezlikda ishlovchi 30 dona Wi-Fi tizimi o‘rnatildi. Bunda “Mikro Tik” va “Ubiquiti Networks” kompaniyalarining so‘ngi rusumdagi tarmoq qurilmalaridan foydalanildi.
– O‘quv binosida o‘rnatilgan Wi-Fi qurilmalari bir vaqtning o‘zida 2000 nafardan ortiq foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega, – deydi Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi rahbari Bekzod Ochilov.

– Universitetning barcha lokal tarmog‘i optik tolali aloqa liniyalari bilan jihozlanganligi bois, yuqori tezlikda ishlaydigan sifatli internet tizimidan foydalanish imkoniyati yuzaga keldi. Ayni vaqtda oliy ta’lim muassasasida umumiy internet tezligi 3 gb/sek tezlikda bo‘lib, mavjud ko‘rsatkichni 10 gb/sek tezlikka yetkazish ustida ish olib borilmoqda.
Ta’kidlash joiz, mazkur Wi-Fi qurilmalari universitetning barcha binolari, shu jumladan, o‘quv auditoriyalari, axborot-resurs markazi, talabalar turar joylari va butun hudud bo‘ylab o‘rnatiladi. Bu esa professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar uchun sifatli hamda yuqori tezlikda ishlaydigan internetdan to‘liq foydalanish imkoniyatini yaratadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA