Talabalar uchun turar joy muammo bo‘lmaydi
Termiz davlat universitetida talabalarni 2023/2024-o‘quv yilida yotoqxona va ijara xonadonlariga joylashtirishga ko‘maklashadigan ma’lumotlar markazi ish boshladi.
Surxondaryo viloyatidagi eng yirik oliy ta’lim muassasasining shtab shaklidagi markazida tyutorlar va ko‘ngilli talabalar turar joyga muhtoj talaba yigit–qizlarni yotoqxona va ijara xonadonlari bilan ta’minlashga yordam bermoqda.


– Dekan o‘rinbosarlari va mas’ul xodimlar bilan talabalar turar-joylarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash holatini o‘rganib chiqdik, – deydi Termiz davlat universiteti yoshlar bilan ishlash va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori, shtab rahbari Obid Shofiyev.– Yaratilgan sharoitlar, xonalarning tozaligi, texnika xavfsizligi qoidalari ko‘zdan kechirilib, mutasaddilarga tegishli tavsiyalar berildi. O‘quv yili boshlanishi bilan talabalarimizning turar joysiz qolish ehtimolini bartaraf etish maqsadida ma’lumotlar markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, talabalarning yotoqxona yoki ijara xonadonlariga onlayn ariza berishi uchun http://ttj.tersu.uz platformasi yaratilib, ishga tushirildi.


Ma’lumotlarga ko‘ra, Termiz davlat universitetida 2 ming 695 o‘ringa mo‘ljallangan oltita talabalar turar joyi mavjud. Oliy ta’lim muassasasiga yaqin mahalalalardan uch mingdan ortiq ijara xonadonlari ruyxati shakllantirilgan. Shu kungacha talabalar turar joylarida yashash uchun mingdan ortiq, ijara xonadonlariga 500 dan ziyod onlayn ariza tushgan.
Onlayn arizalar va bevosita murojaatlar ishchi guruh tomonidan tahlil qilinib, belgilangan mezon asosida ularni talabalar turar joylari yoki ijara xonadonlariga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri