Talabalar uchun ijara mashaqqati osonlashmoqda
Yangi o‘quv yili yaqinlashishi bilan talabalar avvalo turar joy masalasini hal qilishga kirishadi. Yotoqxonalar to‘la, katta shaharda boshpana topish muammo.
Statistika ko‘rsatishicha, bugungi kunda 112 ta oliygohda jami 338 ta talabalar turar joyi mavjud bo‘lib, ularning sig‘imi 127 ming 792 o‘rinni tashkil etadi. Bundan tashqari, respublika miqyosida 46 ming 252 o‘rinli 86 ta talabalar turar joyini barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ulardan 31 ming 882 o‘rinli 59 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida, 14 ming 370 o‘rinli 27 tasi esa oliygohlarning to‘liq o‘z mablag‘lari doirasida barpo etilmoqda. Ammo hali ham talabalarni to‘liq yotoqxona bilan qamrab olish imkoni yo‘q.
Belgilangan tartibga ko‘ra, yotoqxona bilan qamrab olinmagan va ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga oylik ijara to‘lovining bir qismi O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Xo‘sh, talabalar qanday qilib ijara uylar haqidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin?
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Qayd etilishicha, 2024/2025-o‘quv yili uchun talabalarni munosib kutib olish, o‘quv yilining dastlabki kunlarida talabalarni turar joy bilan tezkor ta’minlash bo‘yicha yuzaga keladigan jiddiy muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida joriy yilning 1 avgustidan 10 sentyabriga qadar bo‘lgan muddat «dolzarb qirq kunlik» deb e’lon qilingan.
Shuningdek, talaba o‘zi tahsil olayotgan oliygohda tashkil etilgan «Talabalar turar joylariga joylashtirish uchun yordam ko‘rsatish markazlari»ga (infokiokslar) tashrif buyurib, oliygoh yaqinida joylashgan ijara uylarining manzili, narxlari va boshqa qulayliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin. Ijara uylar haqidagi ma’lumotlar yangilanib boradi. Ijara uylariga ega bo‘lishda uchinchi shaxs (makler) aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Soliq kodeksining 378-moddasida soliq solinmaydigan daromad turlari keltirilgan bo‘lib, ushbu moddaning 19.1-bandida soliq to‘lovchining uy-joylarni talabalar uchun ijaraga berishdan olingan daromadlariga soliq solinmasligi ko‘rsatilgan. Mazkur asosga ko‘ra, talabalarni o‘z uylariga ijaraga qo‘yish orqali ijara haqidan daromad olayotgan shaxslarning ushbu daromadlaridan daromad solig‘i olinmaydi.
Ijara to‘lovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, qolgan hududlarda esa bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravaridan oshmasligi belgilangan. Birinchi kurs talabalari uchun sentyabr va oktyabr oylariga ijara shartnomalari talab etilmaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA