Talabalar Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan birga Toshkent hayvonot bog‘iga sayohat qildi
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari Toshkent shahridagi Xlebushekina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan birgalikda Toshkent hayvonot bog‘iga sayohat uyushtirdi.
Sayohat davomida bolalar turli hayvonlar bilan yaqindan tanishib, tabiatni asrash, jonzotlarga mehr va g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lish haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldi. O‘qituvchilar tomonidan tabiatni muhofaza qilish, ekologik madaniyatni shakllantirish va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatda bo‘lish yuzasidan tushunchalar berildi.

Ushbu uchrashuvdan asosiy maqsad — mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining dunyoqarashini kengaytirish, ularda tabiatga mehr-muhabbat uyg‘otish, shu bilan birga talabalarda ijtimoiy mas’uliyat, insonparvarlik va bag‘rikenglik tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat.

Bunday uchrashuvlar yoshlarda g‘amxo‘rlik, o‘zaro hurmat va yordamga tayyorlik kabi fazilatlarni shakllantirib, jamiyatda insonparvarlik g‘oyalarini qaror toptirishga xizmat qiladi. Shu ma’noda, mazkur tadbir insonparvarlikning yorqin ko‘rinishi sifatida ahamiyatlidir.
Sayohat ko‘tarinki kayfiyat va quvonchli lahzalarga boy bo‘ldi.
Nigora Rahmonova, O‘zA