Talabalar bozorchasi qayta ochildi
Ijtimoiy tarmoqlarda “Yoshlik” talabalar shaharchasidagi dehqon bozori bilan bog‘liq e’tiroz va murojaatlar tarqaldi. Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova topshirig‘iga ko‘ra ishchi guruhi tuzilib, muammo joyiga chiqib o‘rganildi.
Bu haqda O‘zbekiston “Adolat” SDP matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.

Dastlab partiya Markaziy apparati xodimlari hamda Toshkent shahar Kengashi raisi M.Dadaxodjayeva, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati L.Hikmatova ishtirokidagi ishchi guruhi dehqon bozoriga borib, u yerda tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan do‘kon egalari, talabalar va hudud aholisining ushbu masala yuzasidan e’tiroz va fikrlarini eshitdi.

Shuningdek, jarayonga ushbu hududga mas’ul bo‘lgan Olmazor tuman 2-sektor rahbariyati hamda Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati bo‘limi rahbari F.Xadjayeva va boshqa mutasaddilar jalb etilib, bozor ma’muriyati bilan suhbatlashildi. Natijada bozor hududi chiqindilardan tozalanib, tadbirkorlar va aholi foydalanishi uchun ochildi.

Shuningdek, partiya faollari tomonidan tadbirkorlar va mas’ullarga bu kabi muammolar qaytarilmasligi uchun huquqiy tushunchalar va tavsiyalar berildi, deyiladi xabarda.
M.Komilova, O‘zA