Talaba-yoshlar bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdi
Qo‘qon davlat pedagogika institutida «Musiqa ta’limi tizimida sifatli ta’lim samaradorligini takomillashtirishda innovatsion va integratsion yondashuvlar» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Konferensiyada «Oliy ta’lim tizimida dars sifatini takomillashtirishda innovatsion va integratsion yondashuv mexanizmlari», «San’at yo‘nalishlaridagi bo‘lajak kadrlarni tayyorlashda xorij tajribasini o‘rganishning nazariy va amaliy asoslari», «Musiqa fanlarining boshqa fanlar bilan o‘zaro integratsiyasi», «Umumta’lim maktablari musiqa darslari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari musiqa mashg‘ulotlari jarayonida milliy cholg‘ularga o‘rgatish uslubiyati» kabi yo‘nalishlar qamrab olindi.

Shuningdek, institutda tahsil olayotgan talabalarning bandligiga ko‘maklashish, bitiruvchilarni ish joylariga taqsimlash maqsadida «Kelajakka chipta» mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Unda 20 dan ortiq umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirda bugungi kunda mamlakatimizda oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talaba- yoshlarning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir davomida talaba yoshlar mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishdi. Ish beruvchilar bilan o‘zaro suhbatlashib, kelishib olindi. Institutning salohiyatli kadrlar tayyorlash borasidagi tajribalari, sifat ko‘rsatkichlari keng targ‘ib qilindi.
Talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar yarmarka ishtirokchilarida iliq taassurot qoldirdi.
O‘zA