Tailandda ayol koronavirusga qayta chalindi
Bu haqda “Txai Rat“ gazetasiga Chayyapxum provinsiyasi sogʻliqni saqlash departamenti maʼlum qilgan.
RIA Novosti axborot agentligi “Txai Rat“ gazetasiga asoslanib xabar berishicha, tailandlik ayol koronavirus infeksiyasidan sogʻayganidan soʻng oradan hafta oʻtib yana kasallikka chalingan. Bu haqda “Txai Rat“ gazetasiga Chayyapxum provinsiyasi sogʻliqni saqlash departamenti maʼlum qilgan.
Mart oyi boshida xorijdan qaytib kelgan 38 yoshli ayol kasallikka chalinib, 12-mart kuni Bankokda shifokorga uchragan. U koronavirus uchun test topshirganda natija ijobiy boʻlib chiqqan. Bemor poytaxtdagi shifoxonalardan birida ikki haftadan koʻproq vaqt davolanib, tuzalib chiqqan.
Oy oxirida Chayyapxum provinsiyasiga qaytgan ayol 4-aprel kuni yana shamolash alomatlari bilan shifokorga murojaat qiladi. Undan koronavirus uchun uch marotaba olingan test natijalari ijobiy boʻlib chiqdi. Oqibatda bemor yana yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi.
– Bu gʻayritabiiy holat, ammo u Bankokdagi epidemiologik tadqiqotlar boʻyicha kasalxona vrachlarining koʻrsatmalari va tibbiy hujjatlar asosida tasdiqlandi, – deydi Chayyapxum provinsiyasi sogʻliqni saqlash departamenti boshligʻi Vatchira Botpxibun.
Koronavirus Chayyapxumni deyarli zararlamagan. Provinsiyada infeksiyaga chalinish boʻyicha bor-yoʻgʻi toʻrtta holat, jumladan, ikki marta kasal yuqtirgan ayol va ikki bemor qayd etilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Tailandda epidemiya boshlangandan buyon koronavirus infeksiyasiga chalinish boʻyicha 2 ming 423 holat qayd etilgan. Shundan 940 kishi toʻla sogʻayib ketgan, 32 bemor halok boʻlgan.