Tadbirkorning xususiy mulkiga daxl qilish qonuniymi?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga tegishli boʻlgan xususiy mulkka daxl qilmaslik talabini qoʻyayotgan bir paytda buning aksini qilayotganlar borligi afsuslanarli.
OʻzA minbari
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga tegishli boʻlgan xususiy mulkka daxl qilmaslik talabini qoʻyayotgan bir paytda buning aksini qilayotganlar borligi afsuslanarli.
Yaqin oʻtmishda dovrugʻi ketgan “Lazzat” qandolat mahsulotlarini koʻpchilik yaxshi eslasa kerak. Hozirgi kunda ushbu korxona “Lazzat QICHAJ” AJ nomi ostida faoliyat yuritadi. Ammo soʻngi yillarda korxona moliyaviy inqirozga uchradi, uni bu holatdan chiqarishga tinimsiz harakat qilib, investitsiya jalb qilish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda.
Korxonamiz chegaralari Toshkent viloyati Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi Yangiyoʻl shahar filiali tomonidan 2018-yil 23-aprelda berilganT00249989-raqamli guvohnoma bilan aniq belgilangan.
Aslida ushbu hujjat koʻchmas mulkni va yer uchastkasidan foydalanish boʻyicha huquq vujudga kelishining asosi boʻlganhokim qarori yoki oldi-sotdi shartnomasining roʻyxatga olinganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Yaʼni, u vujudga kelgan huquqning roʻyxatga olinganligini ifodalaydi.
Mulk huquqini vujudga keltirgan Yangiyoʻl tumani xokimining 2013-yil 10-apreldagi 250-sonli qarori esa Oliy xoʻjalik sudi (hozirgi Oliy sud)ning 2008-yil 5-noyabrdagi qaroriboʻyicha chiqarilgan.
Mazkur qaror esa qonuniy kuchida. Yaʼni qaror bekor qilinmagan. Shunday ekan, shu asosda rasmiylashtirilgan kadastr hujjati noqonuniy, deb topilishi mumkin emas.
Biroq, keyingi paytda korxonamiz mulkiga “koʻz olaytiruvchilar” paydo boʻldi. Bu “FatihLazzatMaya” MCHJ qoʻshma korxonasiboʻlib, bizning korxonaga tegishli bino va inshootlarni egallash niyatida sudga murojaat qilgan. Unda“Lazzat QICHAJ” AJ qoʻshma korxonasiga berilgan T00249989- raqamli bino va inshootlarga boʻlgan huquqni, yaʼni ushbu huquqning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomani haqiqiy emas, deb topishni soʻragan.
Afsuslar boʻlsinki, yuqoridagi qonuniy holatlar umuman eʼtiborga olinmasdan Oʻrtachirchiq tumani Maʼmuriy sudining 2018-yil 4-dekabrda qabul qilingan hal qiluv qaroriga asosan “FatihLazzatMaya” MCHJ xorijiy korxonasining shikoyati qanoatlantirildi.
Bu bilan sud qonun hujjatlari hamda mulk huquqini oʻrnatuvchi davlat tashkilotlarining qonuniy kuchida boʻlgan hujjatlariga panja orasidan qarab, bila turib noqonuniy qaror chiqardi. Jamiyatimiz (“Lazzat QICHAJ” AJ) manfaatlariga jiddiy ziyon yetkazildi.
Sud yer konturlarini belgilashga oid nizoni hal qilish bilan cheklanmay, yaʼni shikoyat predmetidan chiqib ketib, jamiyatimizning koʻchmas mulklarini ham bir qaror bilan boshqa bir tashkilotga oʻtkazib yuborganiga nima deyish mumkin?!
Bu nohaqlikka barham berish maqsadida sudga apellyatsiya tartibida shikoyat qildik. 2019-yil 22-aprelda Toshkent shahar maʼmuriy sudining ajrimi bilan Oʻrtachirchiq tumani maʼmuriy sudining qarori bekor qilindi.
Biroq, Oliy sud nazorat instansiyasi sudlov hayʼatining 2019-yil 24-iyundagi qarori bilan Toshkent shahar maʼmuriy sudi apellyatsiya instansiyasining qarori bekor qilinib, arizachi “Fatih Lazzat Maya” MCHJ xorijiy korxonasining shikoyati qisman qanoatlantirilib, servitut masalasa boʻyicha ish yuritish tugatilgan. Bu bilan “Lazzat QICHAJ” AJning qonuniy manfaatlariga putur yetkazildi.
Yangiyoʻl shahar hokimi “Fatih Lazzat Maya” MCHJ xorijiy korxonasi foydasiga “Lazzat QICHAJ” AJ qoʻshma korxonasining bino va inshootlarini hamda foydalanuvidagi yer uchastkasini ajratib berish haqida 2019-yil yil 25-martdaqarorchiqargan.
Holbuki, Yangiyoʻl tumani hokimining yuqorida qayd etilgan 2013-yil 10-apreldagi №250-sonli qarori bekor qilinmagan, yaʼni qonuniy kuchini yoʻqotmagan. (Maʼlumot uchun: Yangiyoʻl avval tuman maqomida edi, 2013-yilda shahar statusi berilgan).
Hokimlik chiqargan qarori hali kuchida boʻla turib, yana boshqa qaror chiqarishi beburdlik emasmi, axir?
Bir tadbirkorga tegishli yerni, bino va inshootlarni boshqa subyektga berib yuborish mulkdorning mulkini ochiqdan-ochiq oʻzlashtirib olish emasmi?
Konstitutsiyamiz va qonunlarimizda xususiy mulkning daxlsizligi kafolatlangan, bu huquq davlat tomonidan himoya qilinishi belgilab qoʻyilgan.
Biroq, amalda tadbirkorlik subyekti hisoblangan “Lazzat QICHAJ” AJ xususiy mulki daxlsizligi putur yetmoqda.
Toʻgʻrisi, korxonamiz hozirgi kunga qadar turli xiltalonchiliklardan jabr koʻrib keldi. Endi oyoqqa turishga harakat qilayotganganimizda esa mulkimizga koʻz olaytirganlar, ularga yordam berayotgan hokimlik tufayli qiyin ahvolda qoldik.
Biz tadbikorlarni himoya qilish bilan shugʻullanayotgan mutasaddilardan xususiy mulkimiz himoya qilinishida yordam soʻraymiz.
“Lazzat QICHAJ” aksiyadorlik jamiyati
qoʻshma korxonasi jamoasi nomidan
korxona kuzatuv kengashi aʼzosi
Majit USMANOV.
ESLATMA: Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi www.uza.uz saytida “OʻzA minbari” rukni tashkil etilgan. Agentlikka kelayotgan murojaatlar, ariza va shikoyatlar, fikr-mulohazalar, bildirilayotgan takliflar asil holicha, juzʼiy tahrirlar bilan eʼlon qilinadi. Tahririyat fikri muallif nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin. OʻzA minbarida beriladigan materiallarning xolisligi va ularda keltirilgan maʼlumotlarga muallifning oʻzi javob beradi.