Tadbirkorning murojaati ijobiy hal etildi
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsman tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning davlat organlari bilan bog‘liq muammoli murojaatlarini ijobiy hal etish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Xususan, Biznes-ombudsmanga Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi “M.V” MCHJ rahbari ko‘p qavatli uylarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, kadastr pasportini berish masalasi 2025-yilning oktabr oyidan beri qolib ketgan. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentabrdagi 535-son qarori bilan tasdiqlangan “Ko‘chmas mulk ob’ektiga kadastr pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti”ning 16-bandiga muvofiq, kadastr pasporti ob’ektning murakkabligiga qarab 5 kundan 40 kungacha bo‘lgan muddatda tayyorlanishi belgilangan.
Kadastr organlari tomonidan arizalar bir necha marotaba rad etilgach, Biznes-ombudsman devoni aralashuvi bilan jamiyatga tegishli bino va inshootlarga kadastr pasporti shakllantirildi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ta’minlandi. Mazkur ko‘p qavatli turar joylarga kadastr pasportining rasmiylashtirilishi natijasida 2 ta 7 qavatli uydagi 56 ta xonadon huquqiy hujjatga ega bo‘ldi.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi 100 dan ortiq fuqaroning doimiy bandligini ta’minlash hamda aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi.
G.Boboyeva,
O‘zA