Tadbirkorlikda qardosh xalqlar tajribasi
Ma’lumki, yaqinda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hududida “Chegarasiz hamkorlik” shiori ostida xalqaro “Great Silk Road Business Cooperation Forum – 2025” biznes-forumi o‘tkazildi.
Unda biz ham faol qatnashdik. Forum mintaqadagi iqtisodiy integratsiyani yangi bosqichga ko‘tarish, savdo aloqalarini kengaytirish va ishbilarmonlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirishni maqsad qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Jarayonda ko‘plab tadbirkor va ekspertlar bilan yaqindan muloqot qildik va tajriba almashdik. Ishtirokchilar uchun B2B va B2G formatdagi muzokaralar, innovatsion loyihalar taqdimotlari hamda “Invest in Uzbekistan” maxsus sessiyasi foydali bo‘ldi.
Faoliyatimiz Tojikiston davlatida tashkil etilgan va asosan biznes strategiyalarni ishlab chiqish, savdo bo‘yicha personal boshqaruv, marketingni o‘z ichiga olgan loyihalarni ishlab chiqishdir. Oxirgi yillar Markaziy Osiyo davlatlari tadbirkorlari mazkur yo‘nalishlarda ancha tajriba oshirmoqda. O‘zaro hamkorlik asosidagi istiqbolli investitsiya loyihalarining amalga oshirilayotgani esa bunga yorqin misol bo‘ladi.
Kompaniyamiz vakillari ham O‘zbekistondagi sarmoyaviy muhit, erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlari va davlat tomonidan yaratilayotgan imtiyozlar bilan tanishdi. Oxirgi o‘n yillik tajribamiz va kuzatuvlarimiz shuni ko‘rsatyaptiki, O‘zbekiston tadbirkorlari bilan hamkorlikda ishlash samarali bo‘lyapti. Buni davlat tomonidan yaratilgan imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalanish sababli, deb bilaman.
Mazkur nufuzli tadbir Markaziy Osiyo va Ozarbayjon tadbirkorlarini birlashtirib, savdo aloqalarini kengaytirish va ishbilarmonlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirishga xizmat qildi. Kelgusida bu sa’y-harakatlar o‘z natijasini beradi, albatta.
Sanovbar Ayubova,
“LEAN SOLUTIONS” konsalting kompaniyasi vakili.
A.Alijonov olgan surat. O‘zA.