Tadbirkorlikda halollik muhim omil
Mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga oid islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, o‘z navbatida ishlab chiqariladigan mahsulotlarning sifatliligi va raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgan hukumat qarorlarining amalda qo‘llanilishini o‘rganish maqsadida, Texnik jihatdan tartibga solish agentligining bir guruh vakillari Toshkent viloyatining Qibray tumanida joylashgan “Azia elektro energiya yuksalish” MCHJ korxonasida bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdik.
– Jahon bozorlarida raqobat muhitining shiddatli tus olishi, o‘z navbatida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni raqobatbardosh bo‘lishini taqozo etadi, – deydi “Azia elektro energiya yuksalish” MCHJ korxonasi rahbari Beknazar Begchanov. – Shu sabab biz ham asosiy e’tiborni mahsulotlarimiz sifatiga qaratamiz. “Azia elektro energiya yuksalish” MCHJ korxonasi asosan elektr dvigatellar, generatorlar, transformatorlar va elektr tarqalishini nazorat qiluvchi uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, 2002 yilda o‘z faoliyatini boshlagan. bugungi kunda korxonamizda 80 dan ortiq yetuk mutaxassislar faoliyat olib bormoqda.
Jadal rivojlanib borayotgan korxona mamlakatimiz va xorijiy davlatlarga yuqori va past kuchlanishli elektr transformatorlari, zamonaviy elektr tarqalishini nazorat qiluvchi uskunalarni yetkazib berib kelmoqda.
Bu yerda sifatli mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur ishlab chiqarish bazasi, malakali kadrlar zaxirasi mavjud bo‘lib, zavod mutaxassislari mijoz tomonidan buyurtma qilingan mahsulotlarga qo‘yiladigan talablarni hisobga olgan holda ham mahsulot ishlab chiqaradi.
Elektr transformatorlarini tayyorlab, olib borib o‘rnatib berish hamda ishga tushirish bosqichlarini amalga oshiradi. Barcha ishlab chiqarilgan elektr uskunalari korxonaning akkreditatsiyalangan laboratoriyasida sinchkovlik bilan sinovdan o‘tkaziladi va yurtimizdagi yetakchi sertifikatlash organlari tomonidan sertifikatlanadi.
Ilm bilan amaliyotni hamqadam olib borayotgan, o‘z kasbiga bor umri, mehrini bergan, eng og‘ir damlarda ham unga xiyonat qilmagan va eng muhimi, halol ishlashni o‘zining asosiy maqsadi deb bilgan zamondoshimizni ko‘rib hurmatimiz ortdi va savol bilan yuzlandik.
– Kelayotganimizda, har galgidek, oddiy bir tadbirkor insonning faoliyati bilan tanishamiz, deb o‘ylagan edik. Yana ushbu elektroenergiya sohaning o‘ziga xos qiziqarli tomonlarini sizning suhbatingiz davomida his etdik. Aytingchi, sizdagi sohangizga bo‘lgan bunchalar mehr qayerdan?
– Bizning oilamizda barchaning fizika-texnika fanlariga ixlosi baland bo‘lgan. Otam fizika fani o‘qituvchisi bo‘lganlari uchunmi, men ham yoshligimdan shu sohaga mehr qo‘ydim. Qiziqishim balandligi tufayli ixtirochi bo‘lish orzuim bo‘lgan, hatto bir necha izlanishlarim besamar bo‘lmagan. Shu sabab, sohaga doir juda ko‘plab kitoblar o‘qidim, izlandim. O‘zi umuman, kitob o‘qish mening xobbim. O‘zimni sohamdan tashqari, jahon adabiyoti, o‘zbek adabiyotining ko‘plab taniqli adiblari asarlarini o‘qiganman. Yana sizlarga maqtanib qo‘ysam, uyimda shinamgina kutubxonam ham bor.
Bilasizmi, inson qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’i nazar, avvalambor, shu kasbiga mehr qo‘yishi va eng muhimi halol ishlashi lozim. Shunda xalqi oldida yuzi hamisha yorug‘ bo‘ladi, Yaratganning o‘zi qo‘llayveradi. Halollikda gap ko‘p, ayniqsa bizning sohamiz tadbirkorlikda halol bo‘lish muhim omil. Bo‘lmasa, sen ishlab chiqargan sifatsiz mahsuloting xalq hayoti, sog‘ligi uchun ziyon keltirishiga sababchi bo‘lasan.
Kasbimga bo‘lgan qiziqishim sabab, juda ko‘p chet davlatlarda bo‘ldim, xorijlik hamkasblarim faoliyatini o‘rgandim, tajriba, fikr almashdim. Mana shunday safarlarimdan birida, italiyalik energetika sohasi bilimdoni bo‘lgan hamkasbim bilan daryo energetikasi yoki gidrokinetik energiya, uning afzalliklariyu muammoli jihatlari haqida qizg‘in suhbatlashib qoldik. Men unga bu boradagi o‘z g‘oyalarimni taklif etdim, fikrlarimni ilmiy asoslab berdim. U qayta-qayta analiz qildi va hayrat bilan fikrlarimni tan oldi. «Sening yurting dengizga tutashmagan bo‘lsa, qayerdan buncha aniq va asosli fikrlading», deya hayratlandi. Ertasi kuni esa oldimga kelib, «Menga g‘oyalarim unga yoqqani uchun birga ishlashni taklif etib, shu yerda qolishimni so‘radi.
Men o‘ylanib qoldim va: «Uzr, men qancha bilimim bo‘lsa, o‘z vatanimga sarflash niyatidaman. Ona vatanimdan yiroqda yashash menga to‘g‘ri kelmas, ammo sen bilan albatta xabarlashib, maslahatlashib turamiz», deya xayrlashdim.
Shu o‘rinda ustoz professor Najmiddin Komilovning ibratli so‘zlari yodga tushadi: «Betarbiya qalb nafsga, tarbiyalangan qalb iymonga aylanadi. Siz iymonlilar yo‘lini tanlang. Bu dunyoda ortingizda faqat chiroyli izlarni, ijobiy amallarni qoldiring».
Zero, bugungiday shiddatkor bir davrda, har birimiz har bir sohada Vatanimiz, xalqimizga bo‘lgan mehru muhabbatimiz, sadoqatimizni yuragimiz tomiga, qalblarimizning toqiga bayroq qilib ilib qo‘ymog‘imiz lozim nazarimda...
Zilola XO‘JANIYOZOVA,
«Standart» ilmiy-texnik jurnali mas’ul muharriri,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi