Tadbirkorlik sub’ektlarining manfaati qonun himoyasida
Yurtimizda iqtisodiyotning qon tomiri hisoblanmish kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlarning huquqlari kafolatlari va himoyasi borasida manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha huquqiy normalar mustahkamlanmoqda, shu bilan bir qatorda, ularning xo‘jalik faoliyatiga nazorat qiluvchi idoralarining aralashuvini keskin qisqartirish choralari ko‘rilib, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimi yaratilishi ta’minlanayapti.
Bu borada Biznes-ombudsmanning Navoiy viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlari tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, Nurota tumanida qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Nurota Burmashtex” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bajarilgan qurilish montaj ishlari uchun Nurota tuman hokimligi tomonidan umumiy qiymati 223,5 million so‘m bo‘lgan pul mablag‘lari to‘lanmaganligidan norozi bo‘lib qilgan murojaati yuzasidan jamiyat manfaatini ko‘zlab Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritilib, sudning hal qiluv qarori bilan korxona foydasiga belgilangan pul mablag‘i undirilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Joriy yilning 1-choragi mobaynida 117 ta murojaatning 102 tasi ko‘rib chiqilgan. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 49 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 52 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan.
– Murojaatlar, o‘rganishlar asosida tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat organlariga 24 ta ta’sir choralari, jumladan 1 ta taqdimnoma kiritilib uning natijasida 5 nafar mansabdor shaxsga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi, – deydi Biznes-ombudsmanning Navoiy viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi yetakchi inspektori Komiljon Kuliyev. – Shuningdek, 1 ta da’vo arizasi, 1 ta xulosa, 21 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqilishi uchun sudlarga yuborilishi ta’minlandi.
Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlash, bu borada aniqlangan qonun buzilish holatlarini zudlik bilan bartaraf etish soha rivojiga xizmat qiladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA