Tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashda yangi natija va marralar
Tadbirkorlikni rivojlantirishda moliyaviy imkoniyatlarning mavjudligi hal qiluvchi omillardan biridir.
Yangi uskuna xarid qilish, ishlab chiqarishni kengaytirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish yoki yangi xizmat turini yo‘lga qo‘yish — bularning barchasi biznesning keyingi bosqichga chiqishi uchun zarur resurslarni talab etadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ta’sischiligidagi “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ faoliyati tadbirkorlarning ana shunday ehtiyojlariga turli moliyaviy vositalar orqali yechim topishga qaratilgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-avgust holatiga mamlakat bo‘ylab 98 031 ta loyiha 24,6 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar bilan qo‘llab-quvvatlandi.

Bu ko‘rsatkichlarning ahamiyati faqat ularning ko‘lamida emas. Muhimi, har bir moliyaviy vosita biznes oldidagi muayyan masalani hal etishga xizmat qilmoqda. Kafillik garov ta’minoti yetishmovchiligini qoplasa, kompensatsiya kredit foiz yukini yengillashtiradi. Resurs ajratish va qayta moliyalashtirish mexanizmlari esa tadbirkorlar uchun kreditlash imkoniyatlarini kengaytiradi.
Turli ehtiyojga mos moliyaviy vositalar
Garov ta’minoti yetarli bo‘lmagan tadbirkorlarni moliyalashtirishda kafillik muhim vositalardan biriga aylandi. Kompaniya tomonidan 14 744 ta loyiha uchun 11,5 trln so‘mlik kafillik taqdim etildi. Natijada ushbu loyihalarga 29,8 trln so‘mlik kredit mablag‘lari jalb qilindi.
Shuningdek, 7 924 ta loyiha uchun 1,4 trln so‘mlik bozor stavkalaridan past foizdagi kredit va lizing resurslari ajratildi.
Tadbirkorlarning asosiy vositalarga bo‘lgan ehtiyojini moliyalashtirishga qaratilgan xizmatlar ipotekasi orqali 93 ta loyiha 416 mlrd so‘mlik ko‘mak bilan qamrab olindi. Yana 8 ta loyiha doirasida ustav kapitaliga 19 mlrd so‘mlik ulush kiritildi.
Kredit foiz xarajatlarining bir qismini qoplashga qaratilgan kompensatsiya xizmatidan 33 806 ta loyihalar foydalandi. Ular bo‘yicha 7,3 trln so‘mlik kompensatsiya taqdim etildi. Ushbu xizmat bilan qamrab olingan kreditlarning umumiy hajmi 53,2 trln so‘mni tashkil etdi.
Foiz yukining kamayishi tadbirkorlarga o‘z mablag‘larining ko‘proq qismini ishlab chiqarishni kengaytirish, xomashyo xarid qilish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirish imkonini bermoqda.
Eng katta qamrov mikrokreditlarni qayta moliyalashtirish yo‘nalishiga to‘g‘ri keldi. Hisobot davrida 41 446 ta loyiha bo‘yicha 3,9 trln so‘mlik mikrokreditlar qayta moliyalashtirildi. Mazkur mexanizm tijorat banklari va mikromoliya tashkilotlarining resurs bazasini tiklash, shu orqali kichik biznesni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Shu bilan birga, murobaha va ijara kabi islomiy moliyalashtirish vositalari orqali 10 ta loyiha 47 mlrd so‘mlik moliyaviy ko‘mak bilan qamrab olindi.
Tarmoqlar va hududlar manzarasi
Moliyaviy xizmatlarning tarmoqlar bo‘yicha taqsimoti iqtisodiyotning turli yo‘nalishlarida tadbirkorlik faolligi ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Loyihalar soni bo‘yicha xizmat ko‘rsatish sohasi yetakchilik qilmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi 38 351 ta loyihaga 7,4 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatildi.
Mablag‘ hajmi bo‘yicha esa qishloq xo‘jaligi yetakchi bo‘ldi. Sohadagi 35 702 ta loyiha 10,3 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar bilan qamrab olindi.
Sanoat yo‘nalishida 16 271 ta loyihaga 6,1 trln so‘mlik, boshqa yo‘nalishlardagi 7 707 ta loyihaga esa 806 mlrd so‘mlik xizmatlar taqdim etildi.

Hududlar kesimida moliyaviy xizmatlarning eng katta hajmi Xorazm viloyatiga — 2,6 trln so‘m to‘g‘ri kelmoqda. Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati — 2,4 trln so‘m, Toshkent shahri — 2,1 trln so‘m va Buxoro viloyati — 2 trln so‘m bilan qayd etilgan. Boshqa hududlarga ko‘rsatilgan moliyaviy xizmatlarning umumiy hajmi 15,5 trln so‘mni tashkil etdi.

Moliyaviy xizmatlar ko‘rsatilgan yetakchi tuman va shaharlar
Moliyaviy xizmatlar hududlar kesimida tahlil qilinganda, ayrim tuman va shaharlarda tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash ko‘lami yuqori ekani ko‘rinadi.
Moliyaviy xizmatlar hajmi bo‘yicha Buxoro shahri yetakchilik qilmoqda. Bu yerda 1 384 ta loyihaga 519 mlrd so‘mlik moliyaviy ko‘mak ko‘rsatildi. Keyingi o‘rinda Sirdaryo tumani bo‘lib, 396 ta loyiha 511 mlrd so‘mlik xizmatlar bilan qamrab olindi. Yetakchi uchlikni Termiz shahri yakunladi — 1 271 ta loyihaga 438 mlrd so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatildi.
Keyingi o‘rinlarda Andijon shahri — 1 028 ta loyiha va 432 mlrd so‘m, Nukus shahri — 1 173 ta loyiha va 388 mlrd so‘m, Chilonzor tumani — 859 ta loyiha va 369 mlrd so‘m, Farg‘ona shahri — 979 ta loyiha va 363 mlrd so‘m bilan qayd etilgan.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda xotin-qizlar tadbirkorligi, “yashil” loyihalar, olis va chegara hududlardagi biznes tashabbuslarini rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan davrda tadbirkor ayollarning 20 062 ta loyihasiga 3 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatildi. Ushbu loyihalar doirasida 43 808 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
“Yashil” iqtisodiyot yo‘nalishidagi 8 945 ta loyiha 2,2 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar bilan qamrab olindi. Energiya va resurslardan tejamkor foydalanishga qaratilgan ushbu loyihalar natijasida 39 828 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Moliyaviy xizmatlarning hududiy qamrovi viloyat markazlari bilan cheklanib qolmay, olis va chegara hududlarni ham qamrab oldi. Xususan, to‘rtinchi va beshinchi toifaga mansub olis hududlardagi 19 817 ta loyihaga 4,5 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatildi. Natijada 80 989 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Chegara hududlaridagi 16 771 ta loyiha 4,1 trln so‘mlik moliyaviy ko‘mak bilan qamrab olindi. Ushbu loyihalar hisobiga 68 469 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, “og‘ir” toifadagi 37 ta tumanda 12 356 ta loyihaga 3 trln so‘mlik moliyaviy xizmatlar ko‘rsatildi. “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi” 33 ta tuman va shahardagi 14 259 ta loyiha 3,8 trln so‘mlik xizmatlar bilan qamrab olindi. Jadal rivojlanish hududlaridagi 8 611 ta loyihaga esa 2,4 trln so‘mlik moliyaviy ko‘mak taqdim etildi.

Moliyaviy ko‘makdan biznes barqarorligigacha
Kelgusida asosiy e’tibor moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish bilan birga, qo‘llab-quvvatlangan loyihalarning barqaror ishlashini ta’minlashga qaratiladi.
Shu maqsadda Kompaniya tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlangan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati muntazam monitoring qilinmoqda. Faoliyatida pasayish kuzatilgan yoki muammoli holatga tushgan loyihalar aniqlanib, ularning muammolarini bartaraf etish bo‘yicha manzilli choralar belgilanmoqda.
Bunda tadbirkorlarga konsalting va mentorlik xizmatlarini ko‘rsatish, hududiy tashkilotlar bilan hamkorlikda mavjud muammolarni hal etish hamda istiqbolli loyihalarning o‘sishiga ko‘maklashish ko‘zda tutilgan.
Bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida “Intizomli tadbirkor” tizimi joriy etilmoqda. Unda tadbirkorlarning to‘lov intizomi, faoliyat barqarorligi, tushumlari va yaratilgan ish o‘rinlari kabi ko‘rsatkichlar baholanadi.
Natijada barqaror faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni rag‘batlantirish, muammoga duch kelayotgan loyihalarni erta aniqlash va ularga o‘z vaqtida manzilli ko‘mak ko‘rsatish imkoniyati kengayadi.
Joylarda tadbirkorlik sub’ektlarining moliyaviy holatini o‘rganish, faoliyatini sog‘lomlashtirish va yangi o‘sish bosqichiga olib chiqish bo‘yicha ishlar ham davom ettirilmoqda. Joriy yilning uchinchi choragi boshidan buyon 55 ta tadbirkorlik sub’ekti moliyaviy sog‘lomlashtirilib, ularga 48 mlrd so‘mlik yordam taqdim etilishi davom etiriladi.
Tadbirkorga yangi raqamli imkoniyatlar
Bugun tadbirkorlikni rivojlantirishda moliyaviy ko‘makning o‘zi yetarli emas. Biznes g‘oyani to‘g‘ri shakllantirish, uning istiqbolini oldindan baholash, mavjud muammolarni aniqlash va ma’lumotlarga asoslangan qaror qabul qilish ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkor uchun g‘oyadan aniq loyihagacha bo‘lgan yo‘lni belgilash, faoliyat yuritayotgan korxona uchun esa yangi o‘sish imkoniyatlarini aniqlash barqaror rivojlanishning muhim shartlaridan biridir.
Shu maqsadda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan tadbirkorlarga moliyaviy xizmatlar bilan bir qatorda zamonaviy raqamli va intellektual yechimlarni taqdim etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Sun’iy intellekt va ma’lumotlar tahliliga asoslangan yangi platformalar biznes g‘oyani shakllantirishdan boshlab, korxonaning moliyaviy holatini baholash, rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish va keyingi qadamlarni belgilashgacha bo‘lgan jarayonlarni yagona tizimga birlashtiradi.
Kompaniyada tadbirkorlarning biznes tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va istiqbolli g‘oyalarni amaliy biznes loyihalarga aylantirish maqsadida “IdeaLab” platformasini joriy etish ishlari olib borilmoqda. Platforma tadbirkorga biznesni tashkil etish va rivojlantirishning asosiy bosqichlarida raqamli ko‘mak beruvchi yagona ekotizim sifatida shakllantiriladi. “IdeaLab” orqali tadbirkorning biznes g‘oyasi asosida biznes-rejani avtomatlashtirilgan tarzda ishlab chiqish, bozor va raqobatchilarni tahlil qilish, maqsadli auditoriyani aniqlash, loyiha xarajatlari, daromadlari, rentabelligi va boshqa moliyaviy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblash imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, platformada tadbirkor uchun brend konsepsiyasi va nomini shakllantirish, logotip va korporativ uslub bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish, biznes uchun veb-sayt yaratish, mahsulot yoki xizmatni bozorda ilgari surish bo‘yicha marketing tavsiyalarini shakllantirish kabi zamonaviy xizmatlar nazarda tutiladi.
Kompaniyada tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini har tomonlama baholash va ularning rivojlanish salohiyatini oshirish maqsadida “Biznesning sog‘lomlik tahlili” amaliyotini joriy etish ishlari olib borilmoqda. Bu orqali tadbirkorning moliyaviy va operatsion ko‘rsatkichlari, savdo hajmi, xarajatlar samaradorligi, bozor pozitsiyasi va boshqa muhim biznes ko‘rsatkichlari kompleks tahlil qilinib, o‘xshash bizneslar bilan solishtirma ustunlik va zaif tomonlari aniqlanadi, mavjud muammolar hamda o‘sish nuqtalari belgilanadi va biznes samaradorligi, raqobatbardoshligi hamda moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha individual va amaliy tavsiyalar berib boriladi.
Shu tariqa, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimi moliyaviy xizmat ko‘rsatishdan biznesning barqarorligi va o‘sishini ta’minlashga qaratilgan kompleks yondashuvga o‘tmoqda. Yangi moliyaviy va raqamli vositalar tadbirkorga biznes g‘oyani shakllantirishdan boshlab, uni moliyalashtirish, faoliyatini tahlil qilish va yangi rivojlanish bosqichiga olib chiqishgacha bo‘lgan jarayonlarda manzilli ko‘mak berishga xizmat qiladi.
O‘zA