Tadbirkorlik sub’ektlarida texnik jihatdan tartibga solish talablari o‘rganilmoqda
Bugungi kunda mahsulot va xizmatlar sifati hamda xavfsizligini ta’minlash, ishlab chiqarish jarayonlarini belgilangan talablar asosida tashkil etish tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bois texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya sohalaridagi talablarning amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Navoiy, Xorazm, Jizzax, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida faoliyat yuritayotgan qator tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyati o‘rganildi.

Jumladan, “KHIVA CLUSTER”, “Navoiy turog‘i baraka” MCHJ, “Navbahor tuman yo‘llardan foydalanish” DM, “NUKUS GARANT BETON” MCHJ, “INVEST NUKUS STROY” MCHJ, “FAR KIMYOTRANS” MCHJ, “ZAMIN BETON PRO” MCHJ, “GOLD BETON” MCHJ, “ECO WOOD PLYUS” MCHJ va “ELEGANT FIBER TEXTILE” MCHJ faoliyati bilan tanishildi.
O‘rganishlar davomida korxonalarda mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlarining amaldagi me’yoriy hujjatlar hamda belgilangan talablar asosida tashkil etilishi masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, tadbirkorlarga texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya yo‘nalishlaridagi talablar yuzasidan amaliy ko‘rsatmalar berildi.

Muloqotlar jarayonida tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatida uchrayotgan muammo va takliflar ham atroflicha o‘rganildi. Aniqlangan masalalarni bartaraf etish, mavjud kamchiliklarning oldini olish va ishlab chiqarish jarayonlarini amaldagi talablar asosida tashkil etish bo‘yicha tegishli tavsiyalar taqdim etildi.
Bunday amaliy o‘rganishlar nafaqat nazoratni ta’minlash, balki tadbirkorlarga texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi talablarni to‘g‘ri tushuntirish, ularni faoliyatiga samarali joriy etish hamda mahsulot va xizmatlar sifatini oshirishga ko‘maklashishga xizmat qiladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA