Tadbirkorlik rivoji yo‘lida
Termizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi, Davlat soliq qo‘mitasi va bir qator tijorat banklari hamkorligida o‘tkazilayotgan “Mulkdor oila” loyihasining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Termizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi, O‘zbekiston Fermerlari kengashi, Davlat soliq qo‘mitasi va bir qator tijorat banklari hamkorligida o‘tkazilayotgan “Mulkdor oila” loyihasining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yurtimiz obodligi va oilalarimiz farovonligini ta’minlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonuni bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qilayotir.
An’anaviy o‘tkazib kelinayotgan mazkur loyiha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagini bildirgan kollej bitiruvchilari, xotin-qizlar va oilaviy tadbirkorlarning o‘z biznesini boshlashiga yaqindan ko‘maklashmoqda. Loyiha doirasida moliya institutlari tomonidan eng yaxshi biznes rejalarga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilayotgani chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va bog‘dorchilikni rivojlantirish, aholini arzon va sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. O‘tgan yili viloyatda mazkur loyiha asosida tashkil etilgan yigirmaga yaqin biznes rejaga uch yuz million so‘mdan ortiq imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib, qariyb o‘ttizdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilgani fikrimiz dalilidir.
Tadbirda turli yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘ttizdan ortiq oilaviy tadbirkorlar, kollej bitiruvchilari va hunarmandlar o‘z biznes loyihalari bilan ishtirok etdi. Angorlik Sitora Usmonova ulardan biri. Joriy yilda Angor pedagogika kollejini bitirgan Sitora ko‘plab tengdoshlari qatori tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni maqsad qildi.
– Tikuvchilikni yo‘lga qo‘yish maqsadida zamonaviy tikuv mashinalari xarid qildim, – deydi u. – O‘z biznesimni boshlash uchun xomashyo sotib olishga 5 million 900 ming so‘m mablag‘ zarur bo‘ldi. Shu maqsadda tayyorlagan biznes rejam loyiha tashkilotchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, imtiyozli kredit olish huquqini qo‘lga kiritganimdan mamnunman.
Loyiha g‘oliblariga imtiyozli kredit mablag‘i ajratish bo‘yicha sertifikatlar topshirildi. Tadbir doirasida imtiyozli kredit mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha interfaol mashg‘ulotlar tashkil etildi.