Tadbirkorlik muhitida yangi davr: nazoratdan – profilaktikaga, to‘siqlardan – imkoniyatlarga
Tadbirkorlar kuni arafasida – 18-avgust kuni Xiva shahrida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Avvalgi an’anaviy muloqotlar singari mazkur uchrashuv ham tadbirkorlarning amalda duch kelayotgan muammolarini tizimli tahlil qilish, ularni bartaraf etish va tadbirkorlik sub’ektlari uchun yanada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan muhim tashabbuslar ilgari surilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Xususan, tadbirkorlik sub’ektlariga ortiqcha ma’muriy bosimni kamaytirish, tekshiruvlarni tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish jarayonlarini soddalashtirish, tadbirkorlarning huquqiy himoya kafolatlarini kuchaytirish, moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va biznesning barqaror o‘sishi uchun yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha qator muhim vazifalar belgilab berildi. 27-avgust kuni esa “Tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotda belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
– Farmon bilan kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishga uch yil muddatga moratoriy joriy etilgani tadbirkorlar uchun juda katta imkoniyat bo‘ldi, – deydi Biznes-ombudsmanning Samarqand viloyatidagi shu’basi yetakchi inspektori Shavkat Hamdamov. – Endilikda moratoriy talablariga zid ravishda kichik tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Mazkur talablarni buzgan mansabdor shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi. Endilikda tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilish sohasida “Samarali nazorat” tadbiri joriy etilmoqda. Bunda nazorat organlari tomonidan so‘nggi uch yilda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruv materiallari joyiga chiqqan holda o‘rganiladi. Agar o‘rganish jarayonida tekshiruvlarni o‘tkazishda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlansa, Biznes-ombudsman tomonidan vakolat doirasida tegishli choralar ko‘riladi. Tekshiruv o‘tkazish tartibi buzilgan yoki noqonuniy tekshiruvlar aniqlangan hollarda tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko‘riladi.
Tadbirkorlarni asossiz ravishda bir masala yuzasidan qayta-qayta tekshirishning oldini olish maqsadida ham muhim huquqiy mexanizm belgilandi. 2027-yil 1-yanvardan boshlab bir yil davomida tadbirkorlik sub’ekti faoliyatida o‘tkaziladigan har qanday takroriy tekshiruv (kameral soliq tekshiruvi bundan mustasno) Biznes-ombudsmanning roziligi bilan amalga oshiriladi
Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlarini himoya qilishda muhim huquqiy kafolatlardan yana biri – tadbirkorlik sub’ektining haqligi prezumpsiyasi joriy etilishi bo‘ldi. Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha, tadbirkorlik sub’ekti qonunchilikka muvofiq harakat qilgan va o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi. Shuningdek, davlat organi tadbirkorga nisbatan qabul qilgan qaror yoki qo‘llagan huquqiy ta’sir chorasining qonuniyligi, asosliligi va mutanosibligini, shuningdek, huquqbuzarlik sodir etilganligini isbotlashi lozim.
Qonunchilikda bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqliklar va tushunmovchiliklar, shuningdek, davlat organi keltirgan dalillarning yetarli emasligi sababli yuzaga kelgan shubhalar tadbirkor foydasiga talqin qilinishi belgilanmoqda. Bu norma davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlarda tadbirkorning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
– Tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan moliyaviy jarimalar qo‘llashda ham yangi yondashuv joriy etilmoqda, – deya so‘zida davom etadi Shavkat Hamdamov. – 2027-yil 1-yanvardan “Birinchi xato uchun — ogohlantirish” qoidasi joriy etiladi. Agar tadbirkor birinchi marta qoidabuzarlik sodir etgan bo‘lsa va bu holat fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga yoki boshqa shaxslarning mulkiga zarar yetkazmagan bo‘lsa, unga darhol jarima qo‘llash o‘rniga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun muddat beriladi. Bu yondashuv tadbirkorni jazolashdan ko‘ra, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va qonunchilik talablariga rioya etishini ta’minlashga qaratilgan profilaktik mexanizm hisoblanadi.
2027-yil 1-yanvardan 2028-yil 31-dekabrga qadar huquqiy eksperiment doirasida tadbirkorlar o‘z tashabbusiga ko‘ra auditorlik tashkilotini jalb qilgan holda soliqlar va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblash hamda to‘lash bo‘yicha auditdan o‘tishi mumkin. Agar audit natijasida aniqlangan xato va kamchiliklar 30 kun ichida bartaraf etilsa, tadbirkorlik sub’ektiga moliyaviy jarimalar qo‘llanilmaydi. Shuningdek, audit o‘tkazilgan davr uchun, qonunchilikda belgilangan istisnolardan tashqari, soliq auditi o‘tkazilmasligi nazarda tutilgan.
Farmonda 30 dan ortiq litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini bekor qilish yoki tartibga solishning muqobil usullariga o‘tkazish, litsenziya va ruxsat berishdagi byurokratik jarayonlar, muddatlar va to‘lovlarni qisqartirish, talab va shartlarda huquqiy aniqlikni ta’minlash hamda “Litsenziya” axborot tizimi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tegishli qonunchilik hujjati loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan.
Shu yil yakuniga qadar kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’ektlari uchun “Ikkinchi imkoniyat” iqtisodiy amnistiyasi berilishi ham muhim yangiliklardan biri hisoblanadi. Bunda amnistiya e’lon qilingunga qadar yuzaga kelgan soliq qarzi 2026-yil 31-dekabrga qadar to‘liq to‘langanda, ushbu qarzdorlik bo‘yicha hisoblangan penya hisobdan chiqariladi va ular bilan bog‘liq ijro ishlari tugatiladi. Avval taqdim etilgan soliq hisobotlariga soliq to‘lovchi tomonidan mustaqil ravishda tuzatish kiritilib, qo‘shimcha hisoblangan soliq summasi 2026-yil 31-dekabrga qadar to‘liq to‘langanda ushbu summaga nisbatan penya hisoblanmaydi.
Bundan tashqari, farmonda nazarda tutilgan startap loyihalarni moliyalashtirish, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati tomonidan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha mexanizmlari joriy etilishi, turizm va xizmat ko‘rsatish sohasida xalqaro standartlarga javob beradigan infratuzilmani rivojlantirish choralari belgilanishi mamlakatimizda tadbirkorlikning jadal rivojlanayotgan yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri