Tadbirkorlarga keng qulayliklar
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bilan hamkorlikda yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bilan hamkorlikda yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi mazmun-mohiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan seminar-trening o‘tkazildi.Viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘i G‘.Nosirov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida milliy iqtisodiyotimizda o‘rni tobora ortib borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga keng sharoit va qulayliklar yaratilayotganini, sohaning qonunchilik bazasi takomillashtirilayotganini, yangi tahrirdagi Bojxona kodeksining o‘ziga xos jihatlarini alohida ta’kidladi.
Ushbu hujjat bojxona ishining yagona qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga mos ravishda shakllantirish, huquqiy norma va yondashuvlarning bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etadi.
– Mamlakatimizda eksportchi subyektlar faoliyati qo‘llab-quvvatlanib, ularga bojxona imtiyozlari berilgan. Bundan har yili tashqi bozorga ko‘plab qurilishbop gipsokarton jo‘natadigan korxonamiz ham katta foyda ko‘rayotir, – deydi “Knauf gips Buxoro” korxonasi eksport-import masalalari bo‘yicha mutaxassisi G‘.Nutfullayev. – Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksida bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlari muddatini qisqartirish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etishning huquqiy asoslari tartibi belgilangani ham vaqtni tejaydi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, bevosita korxonadan turib eksportni elektron deklaratsiya orqali rasmiylashtirish imkoniyatiga egamiz.
Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi qabul qilinishi bojxona organlari yuridik va jismoniy shaxslar uchun o‘zlarining faoliyatiga doir ma’lumotlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida davlat bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-sayti orqali foydalanishini ta’minlashiga e’tibor qaratildi.
Seminarda tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.