Tadbirkorlarga keng imkoniyatlar
Qarshida Prezidentimizning 2015-yil 22-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Qarshida Prezidentimizning 2015-yil 22-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi mutaxassislari, korxona, tashkilot, muassasalar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida soliq yukini yanada kamaytirish, soliq solish mexanizmini soddalashtirish va soliq ma’murchiligini takomillashtirish orqali tadbirkorlar va ishbilarmonlarga keng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, aholining real daromadlarini oshirish maqsadida qator soliq va majburiy to‘lovlar stavkalari pasaytirilib, imtiyozlar muddati uzaytirildi. Bunday o‘zgarishlarga muvofiq, mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 2015-yildagi 6 foizdan 5 foizga pasaytirildi. Shuningdek, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar (bojxona brokerlari) uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi ham bir foiz pasaytirilib, 5 foiz qilib belgilandi. Yagona soliq to‘lov stavkasining bu tarzda kamayishi hisobiga viloyatdagi mikrofirmalar va kichik korxonalar ixtiyorida bir milliard so‘mga yaqin mablag‘ qoladi va bu yangi ish o‘rinlari tashkil etish, ishlab chiqarishni yanada kengaytirish imkoniyatini yaratadi.
– Jismoniy shaxslar daromadlariga soliq yukini pasaytirish maqsadida 2016-yilning 1-yanvaridan boshlab jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkasi 2015-yildagi 8,5 foizdan bir foiz kamaytirilib, 7,5 foiz qilib belgilandi, – deydi Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i Xudoyberdi Xolboyev. – Bu viloyatda 37,4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ ishchi-xizmatchilar ixtiyorida qolishi imkoniyatini beradi. Xarajatlarning bu kabi keskin pasayishi yangi ish o‘rinlari tashkil etish va ishchilar sonining oshishiga xizmat qiladi.
Seminarda tadbirkorlar va boshqa soliq to‘lovchilar uchun yaratilgan qo‘shimcha qulayliklar, jismoniy shaxslardan olinadigan soliqlar yukini kamaytirish borasidagi barcha yangiliklar, kollej bitiruvchilari uchun belgilangan imtiyozlar haqida ham so‘z yuritildi.