Tadbirkorlarga ayrim soliqlar bo‘yicha imtiyozlar berilmoqda
Bugun O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.
Deputatlar dastlab “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 473-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildi. Ushbu qonun loyihasi bilan maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga imtiyozlar berilmoqda. Jumladan, 3 milliondan 5 million dollargacha miqdorda – 3 yil, 15 million dollargacha miqdorda – 5 yil va undan ko‘p miqdorda investitsiya kiritsa, 10 yil muddatga foyda solig‘idan ozod etiladi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlarga tejalgan mablag‘lar hisobidan yangi korxonalar tashkil etish, texnik va texnologik qayta jihozlash, mavjud ishlab chiqarishni kengaytirish imkonini beradi.
Yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni loyihasi ham muhokama qilindi. Fraksiya a’zosi Jahongir Abdurasulov ushbu qonun loyihasi bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi. Deputat qayd etganidek, qonun bilan ayrim hududlar, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalarida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga ayrim soliq to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berilmoqda.

Fraksiya a’zolari yig‘ilish kun tartibidagi boshqa qonun loyihalarini ham muhokama qilib, ko‘rilgan masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA