Tadbirkorlardan mahorat darslari
Davlatimiz rahbari yaqinda tadbirkorlar kuni arafasida yurtimiz ishbilarmonlari bilan o‘tkazgan muloqoti chog‘ida aholini tadbirkorlikka o‘rgatishda ayni chog‘da ushbu tarmoqda faoliyat ko‘rsatayotgan insonlarning hayotiy tajribasi qo‘l kelishini alohida ta’kidlagan edi.
Shundan kelib chiqib, ayni paytda Samarqand viloyati shahar va qishloqlarida tadbirkorlarning aholi bilan uchrashuvlari, ochiq muloqotlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, Bulung‘ur tumanidagi 9-bolalar musiqa san’at maktabida tashkil etilgan shunday tadbirda Yangiobod mahallasida yashovchi, ko‘p yillardan buyon quyonchilik va turizm sohasida yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan Mehriniso Umrzoqova hudud yoshlari va tadbirkorlikka qiziquvchilarga biznes tarmoqlarning rivojlanishi, faoliyati, kelgusidagi rejalari haqida gapirib berdi.
– Quyonchilik bilan har bir oilada shug‘ullanish mumkin, faqat quyon boqishni yaxshi o‘rganish kifoya – deydi M.Umrzoqova. – Quyon tez ko‘paygani, kam ozuqa talab qilgani, parhez go‘shtiga talab yuqoriligi bois qisqa muddatda yaxshi daromad olish imkoniyati mavjud. Turizm sohasi esa istiqbolli yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Shu bois, mazkur ikki yo‘nalishda faoliyat olib borib, yaxshi natijalarga erishyapmiz, mehnatimizga yarasha daromad qilyapmiz. Yaqinda Prezidentimiz bilan Samarqandda o‘tkazilgan uchrashuvda qatnashib, soliq tizimi, bank sohasidagi imkoniyatlardan, umuman u kishining tadbirkorlarga e’tiboridan xursand bo‘ldim.
M.Umurzoqova tadbirkorlik sohasidagi muvaffaqiyatlari uchun 2022 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan. Ayni paytda uning rahbarligida 40 nafardan ortiq fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘lib, ro‘zg‘or tebratmoqda. Bu kabi uchrashuvlar boshqa tuman va shaharlarda ham o‘tkazilmoqda.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA