Tadbirkorlar va bojxona xodimlari muloqoti
Sirdaryo viloyati Guliston shahrida joylashgan “MMX PRO” mas’uliyati cheklangan jamiyatida Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi mutasaddilari ishtirokida sayyor uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarini bojxona sohasidagi amaldagi tartib-qoidalar, yaratilgan imkoniyatlar va so‘nggi islohotlar bilan tanishtirish, mavjud muammo va takliflarni joyida tinglashdir.


“MMX PRO” korxonasi polipropilen qoplarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, mahsulotlar asosan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlariga eksport qilinadi. Xomashyoning ma’lum qismi Rossiya, Xitoy va Turkmanistondan import qilinayotgani bois, bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni korxona faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv davomida eksport-import operatsiyalarini soddalashtirish, bojxona rasmiylashtiruvida yuzaga kelayotgan masalalar, ularning huquqiy yechimlari, shuningdek, sohada amalga oshirilayotgan yangilik va yengilliklar yuzasidan ochiq muloqot tashkil etildi.


– “MMX PRO” hududda faoliyat yuritayotgan ilg‘or eksport-import kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Korxonada 120 nafardan ziyod xodim doimiy ish bilan band. Joriy yil boshida qiymati 2 million AQSH dollariga teng zamonaviy asbob-uskunalarni xorijdan olib kelish orqali ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga erishildi. Bu kabi import operatsiyalari bojxona organlari bilan yaqin hamkorlikni talab etadi. Shu munosabat bilan tadbirkorlarning fikr va takliflari tinglandi, amaliy yechimlar muhokama qilindi,–deydi Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Jahongir Hotamov.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish va shaffofligini ta’minlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri