Tadbirkorlar uchun interfaol xizmatlar
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasida tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan interfaol xizmatlar va ularning samaralariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasida tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan interfaol xizmatlar va ularning samaralariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i A.Saidov va boshqalar bojxona organlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotgani mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash bilan birga, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga keng qulayliklar yaratayotganini ta’kidladi.
Qo‘mitaning www.customs.uz veb-sayti orqali ko‘rsatilayotgan interaktiv xizmatlar tadbirkorlarning vaqt va mablag‘ini tejashda muhim o‘rin tutmoqda. Keyingi yillarda bojxona sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha axborotlarni vaqtida yig‘ish, nazorat va tahlil qilish, qayta ishlashga mo‘ljallangan 24 ta axborot dasturi joriy qilindi. Ularning barchasi Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga birlashtirildi. Shundan 14 ta dastur davlat axborot tizimi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
2014-yil davomida tadbirkorlik subyektlari uchun interfaol xizmatlar tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilib, qo‘mita rasmiy veb-sayti orqali tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun 17 turdagi interaktiv xizmat amaliyotga joriy etildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lgan bojxona to‘lovlari haqida ma’lumotlarni, solishtiruv dalolatnomalarini, avtomobil yoki temir yo‘llarda tashilayotgan o‘z yuklarining holatini, bojxona omborlari to‘g‘risida ma’lumotlarni olish va tashqi iqtisodiy faoliyatga tegishli shartnomalarni elektron taqdim etishni amalga oshirishga qaratilgan 6 turdagi interfaol xizmat ishlab chiqilib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilindi.
Bu xizmatlar bojxona rasmiylashtiruvini soddalashtirish bilan birga, tashqi savdo ishtirokchilari va bojxona xodimlari uchun qator qulayliklar yaratdi. Davlat byudjetini to‘ldirish va bojxona to‘lovlari yig‘iluvchanligini oshirish, bojxona qoidalari buzilishi holatlarini aniqlash va kontrabandaga qarshi kurashishda ham bu katta rol o‘ynamoqda.
Tadbirda faoliyatning litsenziyalanadigan turlari va ruxsat etish xarakteriga ega tartibotlarni rasmiylashtirish yig‘imlari miqdori qisqartirilgani tadbirkorlarga qulaylik yaratayotgani qayd etildi. Jumladan, bojxona ombori, erkin ombor va boj olinmaydigan savdo do‘koni faoliyati bilan shug‘ullanishga litsenziya olish uchun hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun yig‘im bekor qilindi. Natijada shu maqsadda litsenziya olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar ham qisqardi. Litsenziyalashda hujjatlarni “bir darcha” tamoyili orqali taqdim qilish mexanizmi joriy qilinayotgani bu yo‘nalishda yana bir qulaylik yaratadi.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga mutasaddilar javob qaytardi.