Tadbirkorlar tajribasi o‘rganilmoqda
“Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan unumli foydalanayotgan buxorolik tadbirkorlar tajribasi Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi mas’ullari tomonidan o‘rganilmoqda.
Xususan, G‘ijduvon tumanidagi PVX mramor paneli ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalardan birida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, tadbirkorning qayta ishlash yo‘nalishidagi tajribalari yuzasidan fikrlar almashildi.

Korxona qisqa fursatda “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan unumli foydalanishi natijasida, kuniga 230-250 dona PVX mramor paneli ishlab chiqarmoqda. Bundan tashqari, xomashyo tanqisligi kabi muammolarni ijobiy tomonga hal etilishi barobarida, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Rossiya va Fransiya davlatlariga tayyor mahsulotlar eksporti ham yo‘lga qo‘yildi.

Korxona 2024 yil 9 oyi davomida qiymati 643 ming dollarga teng bo‘lgan xomashyo mahsulotlarini qayta ishlash rejimiga rasmiylashtirgan bo‘lib, 361 ming dollarga teng tayyor mahsulotlarni xorij bozoriga yo‘naltirdi.
Zero, tadbirkorlik sub’ektlarini rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan ushbu bojxona rejimi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun muhim imkoniyatlar yaratibgina qolmay, ularni xalqaro bozorda yanada faol ishtirok etishga undaydi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri