Tadbirkorlar manfaati qonun himoyasida
Nukusda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar yaratish borasida qabul qilinayotgan qonun va qarorlarning ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Nukusda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar yaratish borasida qabul qilinayotgan qonun va qarorlarning ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining Inson huquq va erkinliklariga rioya etilishi ustidan nazorat boshqarmasi katta prokurori A.Gulmuratov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi katta inspektori A.Urumboyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri J.Sodiqov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada muvofiqlashtirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Huquqni muhofaza qilish organlari, vazirliklar, idoralar, tijorat banklari filiallari rahbarlari, shahar va tuman hokimlari o‘rinbosarlari, kichik biznes subyektlari vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hamda sohada erishilayotgan yutuqlar aks etgan ko‘rgazma namoyish etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 23-yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimdagi Prezidentimiz ma’ruzasida iqtisodiyotda sifat jihatdan tub tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, xususiy mulk va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, ularning manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, yangi korporativ tashkilotlarni shakllantirish, iqtisodiyotimizda davlat ulushini qisqartirish, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni yanada keng jalb qilish va buning uchun barcha zarur sharoit va preferensiyalar yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.
– Prezidentimizning 2015-yil 15-maydagi farmoni va shu asosida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan sohaga oid qonun hujjatlari yanada takomillashtirildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi adliya vaziri J.Sodiqov. – Qonun hujjatlariga kiritilgan yangiliklar tufayli xususiy mulk va tadbirkorlik faoliyatini yanada erkin rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmi yaratildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham bu borada bir qator yutuqlarga erishildi. 2015-yilda yalpi xududiy mahsulot 4 trillion 485,9 milliard so‘mni, o‘sish sur’ati 10,7 foizni, unda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ulushi 64,6 foizni tashkil etdi. Yaratilgan umumiy ish o‘rinlarining 65 foizi ushbu soha hissasiga to‘g‘ri keldi. Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 10 ming 685 kichik biznes subyekti samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Tadbirkorlik sohasida qonunchilik bazasini erkinlashtirish va biznes muhitini takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan dastur tadbirkorlar oldida turgan dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlar mas’uliyatini yanada oshirdi.
Seminarda tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish, sun’iy to‘siq va cheklovlar qo‘yish, noqonuniy tekshiruvlar o‘tkazish kabi salbiy holatlarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi B.Yangiboyev so‘zga chiqdi.