Tadbirkor qonunlardan xabardormi?
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonunlar, farmon va qarorlarga qaramasdan soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar, xizmat vazifasini suiiste’mol qilayotgan rahbarlar ham uchrayotgani achinarlidir.
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonunlar, farmon va qarorlarga qaramasdan soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar, xizmat vazifasini suiiste’mol qilayotgan rahbarlar ham uchrayotgani achinarlidir.Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demorkatik partiyasi Namangan viloyati kengashi tomonidan tadbirkor va fermerlar ishtirokida o‘tkazilgan “Mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash iqtisodiyotni rivojlantirish va xalq turmush farovonligini ta’minlashning asosidir” mavzusidagi muloqotda bu jihatlarga alohida e’tibor qaratildi.
– Bugungi kunda tashabbus va yangi biznes loyiha bilan chiqayotgan tadbirkorlar asosan yer maydoni va bank krediti ajratilishi, xomashyo, eksport kabi masalalarda ayrim qiyinchilik va muammolarga duch kelayotgani bor gap, – deydi partiya viloyat kengashi apparati rahbari N.Abdullayev. – Mazkur muloqot deputatlar ishtirokida ana shunday muammolarga yechim topish va kelgusida bu borada deputatlar vakolatidan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida tashkil qilindi.
Tadbirkorlarga yer ajratilishi borasida duch kelinayotgan muammolarga izoh bergan viloyat arxitektura va qurilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i T.Ikromov ko‘pincha mahalliy hokimliklar tomonidan yerni faqat kimoshdi, tender savdolari orqali olish mumkinligi ro‘kach qilinib, tadbirkorlar talabi qondirilmayotganini ta’kidladi.
– Ayrim tadbirkorlar qonunlarni yaxshi bilmasligi oqibatida sarson bo‘lmoqda, – deydi T.Ikromov. – Vaholanki, kichik sanoat, maxsus industrial zonalardan yer ajratilishi uchun hech qanday tanlov, kimoshdi savdosi o‘tkazilishi ko‘zda tutilmagan, buni tadbirkorlar yaxshi bilishlari lozim.
Muloqotda tadbirkor va fermerlar o‘z faoliyatida duch kelayotgan, rivojlanishga xalaqit berayotgan ko‘plab muammolar o‘rtaga tashlandi va muhokama qilindi.
– 2006-yildan buyon bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligiga rahbarlik qilaman, – deydi Yangiqo‘rg‘on tumanidan T.G‘ofurov. – Aholini arzon va sifatli meva bilan ta’minlash barobarida mehnatga yarasha daromad, foyda ko‘rish, xo‘jalikni yanada rivojlantirishni istayman. Biroq bog‘larimiz yuqori kuchlanishli nasoslar yordamida sug‘orilishi va bunga katta miqdorda mablag‘ sarflanayotgani moliyaviy holatimizga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuning uchun suv nasoslarini viloyat nasoslar boshqarmasi tasarrufiga o‘tkazishni taklif qilaman.
– 23-yildan beri adirlikda g‘alla va paxta yetishtiraman, – deydi ”Chust” fermer xo‘jaligi rahbari I.Shokarimova. – Suv, sug‘orish masalasi og‘irligi tufayli hosildorlik 15 sentnerdan oshmaydi. Shuni hisobga olib, bizning yerimizda paxta yoki g‘alla emas, sabzavot yetishtirish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shu taklifni partiya faollari, deputatlar ko‘rib chiqib, mahalliy Kengashlar sessiyasiga kiritishi lozim.
Uchqo‘rg‘onlik tadbirkor, “Osiyo semena” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Q.Rayimjonov 105 million so‘mlik bank krediti yordamida xorijdan lak-bo‘yoq ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy texnologiya keltirib o‘rnatgani, biroq mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur bo‘ladigan toza suv masalasida muammo yuzaga kelganini bildirib, murojaat qildi. Bu masala bo‘yicha tuman hokimligi va tegishli tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilganiga qaramay, masala hamon yechilmayotganini ta’kidladi.
Muloqotda tadbirkor va fermerlarni qiynayotgan muammolar, turli byurokratik to‘siqlar, qog‘ozbozlik va ularni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi. Viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki viloyat bosh boshqarmasi, viloyat davlat soliq boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan ishtirokchilarning savollariga javob qaytarilib, viloyat, tuman-shahar miqyosida hal etilishi mumkin bo‘lgan muammolarga shu joyning o‘zida yechim topildi. Respublika miqyosidagi masalalar bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi orqali tegishli vazirlik va idoralarga murojaat qilish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.