Tadbirkor “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi
Prezidentimizning farmoniga muvofiq “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan Termiz shahridagi “Surxon Sandvich” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Bahrom Raupovga davlatimizning yuksak mukofoti tantanali topshirildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 fevral kuni hududlarda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Bahrom Raupov amalga oshirayotgan ishlari va kelgusidagi rejalarini gapirib berdi.
Prezidentimiz tajribali tadbirkorning ishlarini yuqori baholab, davlat mukofoti bilan taqdirlashini ma’lum qildi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov davlat va jamoat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, faollar hamda nuroniylar ishtirokidagi tadbirda izlanuvchan, fidoyi tadbirkorga “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Davlatimizning yuksak mukofotiga sazovor bo‘lgan tadbirkor viloyat markazida zamonaviy qurilish materiali – sendvich panellari ishlab chiqarish korxonasini ishga tushirganiga qariyb o‘n yil bo‘lmoqda. Shu davrda import o‘rnini bosadigan tayyor bu materialdan ko‘plab ixcham va ko‘rkam ijtimoiy soha binolari, ishlab chiqarish korxonalari bunyod etildi. Hozir korxonada ellikdan ortiq ishchi mehnat qilmoqda. Endilikda tadbirkor sendvich panelda ishlatiladigan bazalt va penoplast qoplamalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqda. Ushbu korxona yil yakunigacha foydalanishga topshiriladi. Bu yerda ham to‘rt yuzga yaqin yangi ish o‘rni barpo etiladi.

Videoselektor yig‘ilishida Bahrom Raupov bir yarim ming kishining bandligini ta’minlashini, ayni paytda Denov tumanida yuz milliard so‘m evaziga Denov tumanidagi Qizilsuv daryosi bo‘yida “Yoshlar saylgohi” bunyod etayotganini aytgan edi. Zamonaviy loyihalar asosida qad rostlayotgan saylgohda savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari, turli ko‘ngilochar maskanlar qurilmoqda. Yaqinda ishga tushirilishi kutilayotgan bu maskanda mingdan ortiq kishi ishli bo‘ladi.

– Videoselektorda hayojonlanganimdan tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun rahmat ham aytolmay qoldim, – deydi Bahrom Raupov. – Bizning kamtarona mehnatlarimizni yuqori baholab, munosib rag‘batlantirayotgan Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman.

Mamlakatimizda keyingi yillarda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, ish yuritayotgan, yangi korxonalar barpo etib, aholi bandligini ta’minlayotgan ishbilarmonlar har taraflama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ularning izlanish va mehnatlari munosib rag‘batlantirilmoqda. Surxondaryo viloyatidagi “Surxon Sandvich” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Bahrom Raupov ham bunga yaqqol dalildir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri