Tadbirkor bo‘lganimdan faxr iftixor tuydim
Bunyodkor xalqimiz eng aziz, eng ulug‘ bayram – ona yurtimiz mustaqilligining 31 yillik shodiyonalari arafasida turibdi.
Ana shunday shukuhli damlarda Prezidentimizning tadbirkorlik sohasi peshqadamlari bilan yuzma-yuz muloqotga kirishib, ular bilan dildan suhbatlashgani, eng muhimi – ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha o‘ta dolzarb hamda ko‘lami keng vazifalarni belgilab bergani ko‘nglimizda faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otish bilan birga zimmamizga alohida mas’uliyat ham yuklaydi.
Prezidentimiz nutqini aynan kongress markazida hozir bo‘lib tinglaganimizning o‘zi biz – tadbirkorlar qaysi yo‘nalishda faoliyat olib borishimizdan qat’i nazar doimiy e’tiborda ekanligimizning amaldagi ifodasidir. Shu bois, bunday ozod va farovon yurtda umrguzaronlik va mehnat qilishning o‘zi chinakamiga oliy baxt hisoblanadi.
Tadbirda keyingi 5-6 yil davomida kichik biznes va xususiy tadbirkorlar uchun belgilangan qator imtiyoz va preferensiyalar endilikda yangi imkoniyat va qo‘shimchalar bilan boyitilganligiga amin bo‘ldik. Shubha yo‘qki, navbatdagi yengilliklar ham kasbdoshlarimizni yangi yutuqlarni qo‘lga kiritishga, el-yurtimiz manfaatlari yo‘lidagi faoliyatlari bardavom bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ta’kidlanganidek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab mikrobiznes uchun aylanmadan olinadigan soliqning amaldagi 4 foizdan 25 foizgacha bo‘lgan stavkalari o‘rniga yagona 4 foizli soliq stavkasi joriy etilishi, aynan shu sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasini 12 foizga tushirish mo‘ljallanayotganligi, mamlakatimiz tadbirkorlarining oshirilgan soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechilishi soha xodimlari uchun ayni muddao bo‘lgani o‘z – o‘zidan ayon.
Xullas, Prezidentimiz tomonidan yurtimizda tadbirkorlikni yanada taraqqiy ettirish bo‘yicha belgilab berilgan 5 ta ustuvor yo‘nalishning har bittasi soha xodimlari manfaatlariga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Dilmurod AHADOV ,
“Buxoro dori –darmon” MCHJ rahbari,
Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputati
O‘zA