Tadbirkor ayollar qo‘llab-quvvatlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki “Tadbirkor ayol” uyushmasi bilan hamkorlikda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash mavzusida matbuot anjumani o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki “Tadbirkor ayol” uyushmasi bilan hamkorlikda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash mavzusida matbuot anjumani o‘tkazdi.“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi G.Mahmudova va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini yuksaltirish, bandligini ta’minlash, uy-ro‘zg‘or yumushlarini yengillashtirishda qulay ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘plab loyihalar hayotga samarali tatbiq etilayotganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2004-yil 25-maydagi “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni va 2014-yil 15-apreldagi “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hayotga tatbiq etilishi bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirishda dasturilamal bo‘layotir.
2015 yilda tijorat banklari tomonidan ayollar rahbarligidagi ishlab chiqarish tarmoqlariga 1,2 trillion so‘mdan ziyod, kasb-hunar kollejlarini bitirgan qizlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 51 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari yo‘naltirilgani opa-singillarimizning jamiyat hayotida munosib o‘rin topishiga alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolatdir.
– Bankdan 75 million so‘m kredit olib, faoliyatimizni kengaytirdik, – deydi Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi “To‘maris istiqbol tekstil” xususiy korxonasi rahbari Dilafro‘z To‘xtasinova. – O‘n to‘rt ishchi mehnat qilayotgan korxonamizda paxta tolasidan turli mavsumga mo‘ljallangan qirqqa yaqin turdagi bolalar kiyim-kechaklari, paypoqlar ishlab chiqarilmoqda.
Bank tizimidagi islohotlar iqtisodiyotimiz ravnaqiga xizmat qilmoqda. Xususan, Mo‘ynoq, Qorao‘zak, Boysun, Dehqonobod kabi olis tumanlarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarga ajratilayotgan sarmoyalar hajmi ortmoqda. Shunday kreditlar evaziga o‘tgan yili 300 mingdan ziyod xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
Anjumanda qayd etilishicha, tadbirkorlarga tezkor ravishda moliyaviy yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda. Shu maqsadda Markaziy bank tizimida xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolarning murojaatlarini qisqa muddatlarda ko‘rib chiqish uchun maxsus ishchi guruhi tashkil etilib, «Yagona ishonch telefoni» faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Endilikda mijozlar rasmiy veb-sayt orqali ham bevosita murojaat qilishi mumkin.