Tadbirkor ayol imiji: U qanday bo‘lishi kerak?
19 noyabr – Xalqaro ayollar tadbirkorligi kuni. Ushbu global tashabbus dunyoning 144 mamlakatida keng nishonlanadi. Maqsad yangilikka intiluvchi, faol, o‘z g‘oyalariga ega va ularni amalga oshirishda tinmay izlanayotgan tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir.
Yurtimizda “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi ushbu sanani olti yildan beri keng nishonlab kelmoqda.

Bu yil ham muhim sanaga bag‘ishlangan bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasida “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi tomonidan “Zamonaviy tadbirkor ayol imidji” mavzusida o‘tkazilgan tadbir shulardan biri.
Shuni ta’kidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimizda assotsiatsiyaning 74 ta mintaqaviy filiali mavjud bo‘lib, ularda 200 dan ortiq malakali mutaxassislar jamoatchilik asosida ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda.

O‘tgan davr mobaynida assotsiatsiya mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda 100 dan ortiq loyihani amalga oshirdi. Natijada so‘nggi ikki yarim yil ichida 29 ming 701 nafar ayol tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘ldi. Biznes yuritish asoslari va usullari bo‘yicha o‘qitildi, ularning 9 ming 774 nafari o‘z ishlab chiqarishini ochdi. 11 ming 658 ayol ish bilan ta’minlandi. 14 ming 426 yangi ish o‘rni yaratildi. 315 nafar yuqori malakali trenerlar tayyorlandi.
—Ayol qaysi sohada ishlamasin, eng avvalo ayolligini his qilib turishi kerak, — deydi O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi magistratura bo‘limi boshlig‘i Mavluda Adasheva. — Tadbirdan ko‘zlangan maqsad respublikamizdagi eng ko‘zga ko‘ringan san’at namoyandalarining chiqishlari orqali lider ayollarga yaxshi kayfiyat ulashish, ularga ish bilan mashg‘ul bo‘lishdan tashqari sog‘lom turmush tarziga amal qilish, vaqtida o‘ziga qarash kabi tushunchalar haqida maslahatlar berishdan iborat.
N.Rahmonova, O‘zA