Tadbir har tomonlama foydali va qiziqarli o‘tdi
Namanganda Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi hamda viloyat hokimligi hamkorligida yoshlar uchun kasb tanlash, o‘z salohiyatini namoyon etish va yangi imkoniyatlar bilan tanishishga qaratilgan tadbir o‘tkazildi.
Unda qatnashgan Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori Ulug‘bek Husainov mamlakatimizda o‘sib kelayotgan yosh avlodni ona Vatanimizga sadoqatli ruhda tarbiyalash, davlat xizmati hamda xalq xo‘jaligining turli tarmoqlari uchun jonbozlik bilan ishlaydigan yetuk kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.

Darhaqiqat, bugun Yangi O‘zbekistonda yosh o‘g‘il-qizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha imkoniyatlar mavjuddir.

Dastavval, viloyat markazidagi “Uch favvora hiyoboni”da yig‘ilganlar, xususan faol, iqtidorli yoshlar ishtirokida “Yangi O‘zbekistonning istiqbolli kadrlari TOP-100” tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi, “Yoshlar sayilgohi”da esa “Men tanlagan kasb” yoshlar sayli tashkil etildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari “Yoshlar sayilgohi”da tashkillangan ko‘rgazma va kasblar yarmarkasini ko‘zdan kechirdilar. Yoshlarga turli kasb va mutaxassisliklar, ta’lim yo‘nalishlari hamda kasbiy rivojlanish imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi. Huquq-tartibot idoralari tomonidan maxsus texnika va jihozlar namoyish qilindi. Ayniqsa, yoshlarning o‘z qiziqishi va qobiliyatiga mos kasbni tanlashiga ko‘maklashuvchi “Kasblar va mehnat yarmarkasi” festivalning asosiy mazmunini tashkil etdi.

Shundan so‘ng, tadbirning e’tiborga molik nuqtalaridan biri – “Yangi O‘zbekistonning istiqbolli kadrlari TOP-100” tanlovida eng yuqori natijalarni qayd etgan 100 nafar istiqbolli kadr e’lon qilinib, g‘oliblarga diplom, statuetka va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tanlovga jami 1 ming 158 ariza kelib tushgan bo‘lib, ishtirokchilar to‘rt bosqichda saralab olindi.

Taniqli san’atkorlar ijrosidagi konsert dasturi va yoshlar sayli barcha-barchaga iliq taassurotlar qoldirdi.

Kasblar olami, zamonaviy imkoniyatlar va yoshlar salohiyati uyg‘unlashgan tadbir ertamiz egalarining kelajak kasbini belgilashi, bilim va qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yana bir muhim maydon bo‘ldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri