Tabiiy ma’dandan turli mahsulotlar
Mahalliy xomashyo va mineral resurslar negizida eksportbop va import o‘rnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish mamlakatimiz iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Mahalliy xomashyo va mineral resurslar negizida eksportbop va import o‘rnini bosadigan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish mamlakatimiz iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda.Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida ta’kidlanganidek, mahalliylashtirish dasturlarini amalga oshirish borasida to‘plangan tajriba bizning tashqi omillarga bog‘liqligimizni kamaytirish, ichki talabni shakllantirish va bozorlarimizni zarur iste’mol tovarlari hamda butlovchi mahsulotlar bilan to‘ldirish, tashkil etilgan ishlab chiqarish quvvatlarining to‘liq faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, valyuta resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha muhim rol o‘ynashini amalda tasdiqlamoqda.
Bu borada “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar nainki neft-gaz tarmog‘i, balki iqtisodiyotimizning boshqa sohalari ham barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Kompaniya tizimidagi korxonalarni rivojlantirish, import o‘rnini bosadigan mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish, tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini kengaytirishda 2015-2019-yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tarmoqda joriy yilda umumiy qiymati qariyb 88 milliard so‘mlik 30 loyiha amalga oshirilishi belgilangan. 2015-yil birinchi yarim yillik faoliyat yakunlariga ko‘ra, 20 loyiha amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etildi. Mahalliylashtirilgan mahsulotlar hajmi rejaga nisbatan 41,1 foiz ko‘p ishlab chiqarilgani, sotish hajmi 38,5 foiz ziyodni tashkil qilgani shundan dalolat beradi.
Toshkent viloyatidagi Qo‘shrabot konida barit konsentratini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur obyektda yiliga qiymati 4,5 milliard so‘mlik 8 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, “O‘zgeoburg‘uneftgaz” aksiyadorlik kompaniyasi burg‘ulash korxonalariga yetkazib beriladi.
Mahalliylashtirish dasturi asosida “Bentonite” korxonasida ishlab chiqarilayotgan PBMB rusumli bentonitli loykukuni yuqori sifati, raqobatbardoshligi bilan nafaqat mamlakatimiz, balki xorijdagi neft-gaz tarmog‘i korxonalari qiziqishini tortmoqda. “ERIELL Corporation” (Chexiya), «BAKER HUGHES» (Buyuk Britaniya), “Ecotechnology OOD” (Bolgariya) singari kompaniyalar “Bentonite” korxonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning doimiy mijozlariga aylangan.
“Uz-Prista” O‘zbekiston – Bolgariya qo‘shma korxonasida motor, tishli g‘ildirak va reduktorlar uchun moylar, gidravlika suyuqliklari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Mahsulotlarni mahalliy iste’molchilarga yetkazib berish bilan birga, xorijga eksport qilish ham ko‘zda tutilgan.
Hozirgi vaqtda mahalliy xomashyo va resurslar asosida 5 istiqbolli loyihani amalga oshirish hamda 9 turdagi mahsulot ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ustida ish olib borilmoqda. Antifriz va kosmetik aerozollar ishlab chiqarilishida qo‘llaniladigan etilenglikol, bir martalik idishlar, elektron uskunalarni qadoqlash hamda avtomobil saloni komponentlarida zarur bo‘ladigan polistirol ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir.
2016-yilda kompaniya tizimidagi korxonalarda 31 loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Surg‘il koni negizida barpo etilayotgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasining ishga tushishi bilan yiliga 387 ming tonna polietilen, 102 ming tonna piroliz benzini hamda 83 ming tonna polipropilen yetkazib beriladi. Polipropilen ishlab chiqarishning o‘zlashtirilishi ichki ehtiyojni qondirish barobarida mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish imkonini beradi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, tarmoqda 2019-yilgacha yangi turdagi mashinasozlik mahsulotlari, kimyoviy reagentlar, izolatsiya materiallari, zamonaviy gaz hisoblagichlar, neft va gazni qayta ishlash mahsulotlarini ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Natijada 1300 yangi ish o‘rni yaratiladi.
Import o‘rnini bosadigan mahsulotlar turini ko‘paytirish, eksport ulushini oshirish hamda tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirishda Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi muhim ahamiyat kasb etayotir.
2014-yil o‘tkazilgan VIII Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tizimidagi korxonalar tomonidan 2015-yil uchun import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni xarid qilish va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 968 milliard so‘mlik 872 shartnoma imzolandi. Xorijiy kompaniyalar bilan qiymati 159 million dollarga yaqin shartnomalar tuzildi.
Shartnoma shartlarini bajarish maqsadida tarmoq korxonalarida oylik jadvallar ishlab chiqilgan. Joriy yilning 8 oyi davomida 642 milliard 609 million so‘mlik shartnoma talablari bajarilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 144,3 foizni tashkil etdi.
Mahalliylashtirish dasturlari hamda Sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjalari samarasida tarmoqda ishlab chiqarilgan mahsulotlardagi import ulushi 2009-yilda 11 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2014-yilga kelib bu ko‘rsatkich 8,8 foizga teng bo‘ldi.
Muxtasar aytganda, tayyor mahsulotlar, butlovchi qism va materiallarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish iqtisodiyotimizning yanada barqaror va izchil rivojlanishi, uning tashqi omillariga tobeligini pasaytirish, ishlab chiqarish jarayoniga yangi texnologiyalar tatbiq etilishiga xizmat qiladi.