Tabiat bilan tillasha olmaslik fojia
17 iyun – Butunjahon cho‘llashish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni
Tabiat bilan tillasha olgan jamiyatgina muvozanatni saqlay oladi, taraqqiy etadi. Atrof-muhitning tozaligidan tortib yerning, tuproqning quvvati masalasi muhim sanalarkan, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka e’tibor qilish muhim muammolardan biridir.
Shuning uchun ham 17 iyun – Butunjahon cho‘llashish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni deb e’lon qilingan. Ushbu sana BMTning cho‘llanishga qarshi kurashish Konvensiyasi bilan bog‘liq bo‘lib, 1994 yilda BMTning atrof-muhitni muhofaza qilish konferensiyasida qabul qilingan.
Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kunining bu galgi shiori «Qurg‘oqchilikni birgalikda yengamiz» deb nomlanadi. Bu bejiz emas. Zero, qurg‘oqchilik keng miqyosda hosilni yo‘qotish, o‘rmon yong‘inlari va suv yetishmasligi natijasida insoniyatga zarar yetkazish nuqtai nazaridan eng vayronkor tabiiy ofatlardan biri hisoblanmoqda.
Bugun «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi hamkorligida xuddi shu sanaga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirni universitet prorektori, professor Tohir Sultonov olib bordi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Islom Xushvaqtov, Muqaddas Tirkasheva, Mohira Xojayeva va Turg‘unboy Xojanazarovlar ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

O‘zbekiston uchun sahrolashuv va qurg‘oqchilikka qarshi kurash masalalari barqaror rivojlanishni ta’minlashda ustuvor o‘rin egallaydi. Bu borada izchil chora-tadbirlar va xalqaro loyihalar amaliyotga tatbiq etilyapti.
Xususan, yurtimizda 2017 yildan buyon CADI «Markaziy Osiyodagi cho‘llar bo‘yicha tashabbus» loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur FAO tomonidan izchil olib borilyapti.
Tadbir ishtirok etgan talabalar uchun motivatsion ruh baxsh etdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Rahimboy Jumaniyozov,
«TIQXMMI» MTU Matbuot xizmati rahbari