Suv yo‘qotilishi yuqori bo‘lgan kanallar rekonstruksiya qilinadi
Yangi qaror
Mamlakatimizda mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish, bu jarayonda suv yo‘qotishlarining oldini olish maqsadida samarali ishlar tashkil etib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy 5-mart kuni “Sug‘orishda suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra quyidagi vazifalar belgilandi. Jumladan, Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi suv yo‘qotilishi yuqori bo‘lgan 389 kilometr kanallar rekonstruksiya qilinadi va betonlashtiriladi. Bunda yiliga o‘rtacha 206 million metr kub suv resurslarini hamda 26 million kilovatt soat elektr energiyasini iqtisod qilish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, sug‘oriladigan 158,4 ming gektar yerlarning suv ta’minotini yaxshilash belgilab berilgan.
Qarorga ko‘ra, suv resurslaridan oqilona foydalanish va joriy yilda kutilayotgan suv tanqisligining oldini olish uchun 2026-yilning birinchi choragi yakuni bo‘yicha daromadlar prognozining oshi bajarilgan qismi hisobidan mablag‘ ajratiladi.
Bunda kanallar va sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari uchun 480 milliard so‘m, suv tanqisligining oldini olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar uchun esa 120 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Hujjat asosida amalga oshirilayotgan bugungi ishlar yurtimizda suv tanqisligining salbiy oqibatlarini yumshatishda muhim omil sanaladi.
O‘zA