Suv ta’minoti bo‘yicha reyd tadbirlari davom etmoqda
Surxondaryo viloyatida ichimlik suvidan qonuniy va oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli nazorat tadbirlari olib borilmoqda. Reydlar davomida bir qator qonunbuzarlik holatlari aniqlandi.
Sho‘rchi tumanida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari jarayonida “Tamaddun” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi 3 nafar fuqaro ichimlik suvi tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, noqonuniy foydalanib kelgani ma’lum bo‘ldi.

Aniqlangan holatlar yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 163-moddasi 1-qismiga asosan 12 million 360 ming so‘m miqdorida ma’muriy jarima rasmiylashtirildi.
Shuningdek, Sariosiyo va Uzun tumanlarida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida ham qator qonunbuzarliklar fosh etildi. Jumladan, Sariosiyo tumanidagi “Oziq-ovqat dehqon bozori” MCHJ hamda “K.Ch” MCHJ oshxonasi ichimlik suvi tarmog‘iga qo‘shimcha tarmoq ulab, suvdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlandi.

Uzun tumani Yangi qishloq mahallasida joylashgan qurilish ob’ekti esa suv ta’minoti korxonasi bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan, ichimlik suvidan noqonuniy foydalanib kelgan.
Barcha aniqlangan holatlar yuzasidan “Surxondaryo suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatiga yetkazilgan zarar hisob-kitob qilinib, huquqbuzar iste’molchilar tarmoqdan uzildi hamda tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi.


Nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA