Suv havzalari betonlashtirilmoqda
Suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanish bugungi kunning dolzarb talabidir.Yaqinda davlatimiz rahbari raisligida qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora- tadbirlari yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektorda bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, Suv xo‘jaligi vazirligi, hokimlar va tegishli soha mutaxassislariga topshiriq berilgan edi.
– Ochig‘ini aytish kerak, butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham suv resurslari bilan bog‘liq muammolar ko‘p. Davlatimiz rahbari bu boradagi muammolarning oldini olish, uni bartaraf etish, eng muhimi, suv va suv resurslaridan oqilona va tejamli foydalanish yuzasidan suv xo‘jaligi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan irrigatsiya va melioratsiya, qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlari, dehqon xo‘jaliklari, fermer va klaster rahbarlariga aniq yo‘nalishlarni belgilab berdi, – dedi Guliston tuman irrigatsiya bo‘limi boshlig‘i Azizbek Muhammedov.


Ana shu topshiriqlar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyatining barcha tumanlarida bo‘lgani kabi Guliston tumanida ham 302 ta fermer xo‘jaligi hududidan o‘tgan 120 kilometr tuproq o‘zanli kanal va ariqlarni betonlashtirish ishlari jadal suratlarda davom ettirilyapti.
Buning uchun fermer xo‘jaliklari ishchi-xizmatchilari va ularning texnika vositalari safarbar etilib, tuman irrigatsiya bo‘limida tashkil etilgan navbatchilik shtabi tomonidan monitoring olib borilmoqda.


Eng asosiysi, mazkur yo‘nalishdagi ishlar nafaqat Guliston tumanida, viloyatning barcha hududlarida nihoyasiga yetgach, suv resurslari sarfi bilan bog‘liq muammoga chek qo‘yiladi.Natijada fermer xo‘jaliklari ekinlardan ko‘proq hosildorlikka erishib, o‘tayotgan har bir yilni yaxshi natija bilan yakunlab, tejalgan suv hisobiga mo‘maygina daromadga ega bo‘ladi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri