Surxondaryolik jurnalistlar kengashdi
Termiz shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Surxondaryo viloyati bo‘limining umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda uyushma viloyat bo‘limining 2021-2025-yillardagi faoliyati haqida bo‘lim rahbari vazifasini bajaruvchi Chori Jumaqulovning hisoboti tinglandi.
Qayd etildiki, viloyatda 34 bosma nashr, uchta televideniye, bitta radio, 4 ta internet nashri faoliyat yuritmoqda. Hisobot davrida uyushma viloyat bo‘limi va qator nashrlar grant loyihalarini qo‘lga kiritdi. Uyushma tomonidan yubiley kechalari o‘tkazishga ko‘maklashildi. Keksa jurnalistlar holidan xabar olindi. Jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratildi. Ko‘rik tanlovlar o‘tkazildi. "Yosh jurnalistlar" to‘garagi faoliyat yuritmoqda.
Uyushma viloyat bo‘limi taftish komissiyasi raisi, mehnat faxriysi Norquvvat To‘rayevning hisobot davri uchun moliyaviy hisoboti tinglandi.
Tadbirda so‘zga chiqqan notiqlar o‘tgan yillarda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida atroflicha fikr yuritdi. Uyushma viloyat bo‘limining kelgusida bajaradigan muhim vazifalari yuzasidan takliflar bildirildi.
[gallery-28808]
Bo‘lim boshqaruvining yangi tarkibi, taftish komissiyasi raisi va a’zolari, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining navbatdagi Konferensiyasiga delegatlar saylandi. Uyushma viloyat bo‘limining 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi. Uyushmaga yangi qabul qilingan a’zolarga guvohnomalar topshirildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat),
O‘zA muxbirlari