Surxondaryolik dorifurush Samarqandda ushlandi
Aniqlangan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyati Uzun tumanida yashovchi fuqaro K.J. Samarqand shahri Gagarin koʻchasidagi koʻp qavatli uy hovlisida noqonuniy ravishda dori vositalari savdosi bilan shugʻullanayotganda ushlandi.
Bu fuqaro ijtimoiy tarmoq orqali buyurtma asosida yetkazib berilgan, chakana bahosi 300 ming soʻm boʻlgan “Kleksan-4000” dori vositasini qimmat narxda hisoblab, 1 qutisini 1 mln. 200 ming soʻmdan, jami 27 quti dori vositasini 32 mln. 400 ming soʻmga sotayotgani aniqlandi.
Shuningdek, K.J.dan noqonuniy sotish uchun tayyorlab qoʻyilgan Sovid-19 kasalligiga qarshi kurashishda foydalanishga tavsiya qilingan 99 quti, jami qiymati 40 mln. 600 ming soʻmlik “Kleksan-4000”, “Kleksan-2000” va “Imudon” dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan. Aniqlangan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari oʻtkazilmoqda.