Surxondaryodagi Sunbulaizorda bo‘lganmisiz? (+video)
Surxondaryo viloyatining maftunkor, turfa ranglarda tovlanuvchi tabiat manzaralari ham sayyoramizning turli davlatlaridan kelgan sayyohlarga xush yoqadi. Sayyohlar tog‘u dalalarni, bog‘u zilol suvlarni zavq bilan tomosha qiladi.
Denov tumanining tog‘li va qadimiy Sina qishlog‘i o‘zining ana shunday tabiat go‘zalliklari, asrlardan buyon insoniyatni hayratga solib kelayotgan maftunkor Sunbulaizor chashmasi bilan dong taratgan.

Tog‘lar qo‘ynidagi adirlikning Soiminggon darasiga o‘zgacha go‘zallik, tarovat taratib turgan bu maskan, ayniqsa, bahor va yoz faslida Sunbula shaydolari bilan gavjum bo‘ladi. Bu yerga kelib, toshlar orasida o‘sib turgan yam-yashil o‘simlikka qiyo boqsangiz, go‘yoki unsiz ko‘z yoshi to‘kayotgandek taassurot uyg‘otadi. Sunbulalar tomirini silab, sizib chiqayotgan muzdekkina zilol suv qalbingizga orom baxsh etadi.

Sinaliklar sirli tabiat in’om etgan sokin va maftunkor go‘sha bilan faxrlanadi. Bu yerni muqaddas ziyoratgoh sifatida qadrlab, sunbulalar orasida bir zaylda tomchilab turadigan suvni shifobaxsh ne’mat sifatida ta’riflaydi:
– Mana turgan joyimiz Sunbulaizor, deb ataladi,–deydi sinalik mehnat faxriysi Amirqul Iboyev. – Bu juda-juda qadimiy ziyorat joy bo‘lib, bu maskanga xalqimiz qadam qo‘yib, shifobaxsh suvi, manzarasidan foydalanib yuradi. Doim bu yerga sayyohlar oqib keladi. Sunbulaizor atalganining sababi, bu yer shunday mo‘’jizali joyki, tepadan kelganda hech kim o‘ylamaydi– quruqlik. Lekin pastga tushganda inson zoti guvoh bo‘ladiki, mana bu sumbula ichidan ko‘z yoshi tomchilab, suv oqib turadi. Bu maskanimiz madaniy meros ob’ektiga kirgan. Bu joy kelajakda turizm maqomini olib, qishlog‘imiz yanayam obod bo‘ladi.

Bu suvning shifobaxshligi oshqozon-ichak, buyrak kasalligiga davo. Odamlar kelib, dardlariga shifo topib ketadi. Yana ham boshqa kasalliklarga shifobaxshligi uchun nafaqat O‘zbekiston Respublikamizdan, balki Tojikiston, qo‘shni boshqa davlatlardan ziyoratchilar keladi. Ammo ozgina yo‘llari talabga javob bermaydi. Umid qilamizki, kelajakda albatta yo‘llarimiz ravon bo‘ladi va ziyoratchilarimiz oqimi yanada ko‘payadi.

Hisor tog‘ tizmalarida salqin, kishini junjiktiradigan shabada esib, xazonrez kuz kelayotganidan darak berayotgan shu kunlarda Sunbulaizor sayyohlar qadami kamayganidan unsiz ko‘z yoshi to‘kayotganga o‘xshaydi, go‘yo. Maboda yo‘lingiz tushib, Surxon taraflarga kelib qolsangiz, Sina qishlog‘idagi Sunbulaizorni ham miriqib tomosha qiling. Tinimsiz tomchilayotgan shifobaxsh obi-hayot va sunbulalardan zavqu shavq olib, musaffo havosi hamda zilol suvidan bahramand bo‘ling. Ona tabiatning buyuk zakovati va tengsiz kuch-qudratiga o‘zingiz baho bering.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lXJVUne_A2w" title="Surxondaryodagi Sunbulaizorda bo‘lganmisiz?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri